Samsung rasman Galaxy S9 taqdimot sanasini ma’lum qildi

Samsung rasman Galaxy S9 taqdimot sanasini ma’lum qildi

2017 yilning yakuniga kelib Samsung Galaxy S9 hamda S9+ flagman smartfonlarining taqdimoti 2018 yilning ilk choragida o‘tkazilishi bo‘yicha ma’lumotlar tarqalgan edi. Namoyishning yanvardan martgacha bo‘lgan davr oralig‘ida bo‘lib o‘tishi kutilayotgan edi. Kecha koreyalik ishlab chiqaruvchi barcha taxmin va gumonlarga nuqta qo‘ydi.

Las-Vegasda o‘tkazilayotgan CES 2018 ko‘rgazmasi doirasida Samsung'ning mobil biznesi prezidenti Jey Koh rasman Galaxy S9 va S9+ modellarining taqdimot kunini ma’lum qildi. Unga ko‘ra yangi aloqa vositalari shu yilning fevral yakunida Ispaniyada bo‘lib o‘tadigan MWC 2018, ya’ni Jahon mobil kongressida, aniqrog‘i 26 fevralda taqdim qilinadi.

Galaxy S9 hamda S9+ anonsi Samsung an’anaviy o‘tkazib keladigan Galaxy Unpacked 2018 tadbiri doirasida bo‘lib o‘tadi. Aytish joizki, Janubiy koreyalik ishlab chiqaruvchi flagmanini boshqalardan bir oy avval taqdim qiladi. Boisi, ilg‘or protsessorlardan ilk bor foydalanish huquqini aynan u sotib olgan. Rasmiy manbaning ma’lum qilishicha, MWC 2018 anjumanida ishlab chiqaruvchi smartfonning sotuvga chiqish vaqtini ham ma’lum qiladi. Odatda kompaniya flagmanlari taqdimotdan keyin 2-3 hafta ichida sotuvga chiqariladi.

Ko‘rinib turibdiki, Galaxy S8 va S8+ eng ilg‘or flagmanlar sifatida vazifalirini yakunlashlariga oz qoldi. Yangi modellar ko‘rinishidan "ajdodlari"dan farq qilmaydi, biroq texnik jihatdan kuchli chipset va texnologiyalarga ega bo‘ladilar.

Ekspertlarga quloq tutadigan bo‘lsak, Galaxy S9 va S9+ smartfonlarida Samsung Exynos 9810 protsessori o‘rnatiladi va bu chip jahonning eng ilg‘or "elektron yurakchasi" bo‘ladi. Gadjetlardagi kameralar ham Galaxy Note 8'dagi kabi ilg‘or bo‘ladi.

Hozirgacha ma’lum axborotlarga ko‘ra, Galaxy S9 va S9+ flagmanlarining Super AMOLED ekrani old panelning 90% qismini egallab oladi. 5,8 dyuymli displeydagi piksellar sig‘imi 2960 x 1080 (QHD+) belgini tashkil qiladi. Yuqori 8 yadroli Qualcomm Snapdragon 845 (AQSh uchun) protsessori uning yana bir kuchli tomonidir.

Flagmanlar 4/6 GB tezkor hamda 64/128 GB doimiy xotira talqinida sotuvga chiqariladi. Shuningdek, microSD yordamida doimiy xotirani 512 gigabaytgacha kattalashtirish mumkin. Ularning korpusi IP68 standarti bo‘yicha himoyalangan bo‘ladi. Smartfonlarning iPhone X kabi, Face ID skaneriga ega bo‘lishi ham kutilmoqda.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.