Samsung: «smart TV» qarshisida shaxsiy suhbatlar qurmang

Samsung: «smart TV» qarshisida shaxsiy suhbatlar qurmang

Samsung kompaniyasi o‘zi ishlab chiqarayotgan «smart TV» televizorlarining tomoshabinlar gap-so‘zlariga “quloq tutish”ini tasdiqladi. Shu sababli, ishlab chiqaruvchi foydalanuvchilarga bu turdagi oynai jahonnamo qarshisida shaxsiy suhbatlar qurishdan tiyilishni maslahat berdi. Bu to‘g‘rida The Week nashri xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, televizorda o‘rnatilgan uni ovoz yordamida boshqarish funksiyasi atrofdagi tovushlarni diqqat bilan kuzatib boradi. Kompaniya “aqlli televizor” qayd etadigan bu gap-so‘zlarni qo‘shimcha televizion yoki texnik xizmatlar ko‘rsatuvchi 3-tomon o‘g‘irlashi mumkinligini ma’lum qilgan va mijozlarini ma’lumotlar daxlsizligini ta’minlash choralarini ko‘rishga chaqirgan.

Samsung bu xabarni AQSh maxsus xizmati faoliyatini yorituvchi jurnalist va yozuvchi Sheyn Harrisning kompaniyaning mijozlar sirlarini oshkor qilishi bilan bog‘liq fikrlaridan so‘ng tarqatgan. Jumladan, amerikalik yozuvchi shunday degan: “Agar sizning og‘zingizdan chiqayotgan so‘z biror shaxsiy yoki maxfiy ma’lumotga daxldor bo‘lsa, u shu zahoti kerakli manbaalarga yetkaziladi”. Yozuvchi bu orqali bugungi axborot texnologiyalari taraqqiy etgan zamonda har kim ahamiyatga ega ma’lumotni oshkor qilishdan o‘zini tiya bilishi zarur, demoqchi.

Shu bilan birga, Samsung “aqlli televizor”larini ovoz yordamida faollashtirish funksiyasi qanday ishlashiga ham oydinlik kiritgan.

“Agar iste’molchi ushbu funksiyadan foydalanishga rozi bo‘lsa, ovozli ma’lumotlar foydalanuvchi buyrug‘ini izlash uchun bu xizmatni ko‘rsatuvchi 3-tomonga taqdim etiladi. Ya’ni, ovozli ma’lumotlar xizmat ko‘rsatuvchining serveriga yuboriladi. U yerda so‘rov qayta ishlanib, foydalanuvchi uchun zarur kontent televizorda namoyish etiladi,” deyilgan kompaniya bayonotida.

Kompaniyaning ma’lumot berishicha, ovozli ma’lumotlar bu xizmatni ko‘rsatuvchi Nuance Communications, Inc. kompaniyasining serverida saqlab qolinmaydi va hech kimga taqdim qilinmaydi. Shuningdek, Samsung bu borada xavfsizlik siyosatini takomillashtirish rejasida ekanini ma’lum qilgan.

“Aqlli televizor” tushunchasi “aqlli telefon”, ya’ni smartfon tushunchasi bilan bir paytda paydo bo‘lgan. Ilk marotaba “smart TV” loyihasi Microsoft tomonidan 1997 yilda ishlab chiqilgan. Smart TV orqali televizor ishlab chiqaruvchilari foydalanuvchilari qaysi kanal va ko‘rsatuvlarni ma’qul ko‘rishlari to‘g‘risida ma’lumotlar olib turishadi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!