Samsung smartfon va planshetlarining Android 8.0 Oreo’gacha yangilanish vaqti aytildi

  •   DiMaX
  •  1704
  •  25.10.2017 11:12

Samsung smartfon va planshetlarining Android 8.0 Oreo’gacha yangilanish vaqti aytildi

Barcha yirik smartfonsozlar qatori, Samsung kompaniyasi ham allaqachon o‘z qurilmalari uchun Android operatsion tizimining 8.0 Oreo talqinini sinovdan o‘tkazmoqda. Biroq to‘liq yangilanishlar qachon chiqishi hozirgacha noma’lum edi. Yaqinda kompaniyaning Turkiyadagi vakolatxonasi saytida bu haqda ma’lumot e’lon qilindi.

Kutilmaganda chiqarilgan bu xabarda yangilanishlarning taxminiy muddati hamda ular bilan taqdim etilishi kutilayotgan asosiy o‘zgarishlar aks ettirilgan.

«Hurmatli iste’molchilar, Android 8.0 Oreo tajribaviy talqini ustida ish boshlangan. Siz uchun yangi operatsion tizimni kelasi yilning boshidan taqdim etishga harakat qilmoqdamiz», deyiladi bu saytdagi ma’lumotda.

Aytish kerakki, o‘tgan gal ham Samsung o‘z qurilmalari uchun Android 7.0 Nougat taqdimotini yilning boshida taqdim etgan edi.

Samsung o‘z foydalanuvchilariga Android 8.0 Oreo tizim talqini bilan quyidagi imkoniyatlar taqdim etilishini va’da qilmoqda:

  • samaradorlik va avtonomlikni yaxshilash uchun ilovalarning fonda ishlashini optimallashtirish;
  • yangi smayliklar;
  • «rasm ichida rasm» rejimi;
  • ilovalarning belgichalarida «qalqib chiquvchi» bildirishnomalar;
  • matnning smart-belgilanishi;
  • tungi rejim.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Android 8.0 Oreo’gacha yangilanuvchi Samsung smartfon va planshetlari ro‘yxatini ham e’lon qilganmiz.