Samsung va Blackberry kuchli himoya tizimiga ega planshet ustida ishlashmoqda

Samsung va Blackberry kuchli himoya tizimiga ega planshet ustida ishlashmoqda

Samsung va Blackberry kompaniyalari jahonda eng kuchli himoya tizimiga ega planshet ustida ishlashmoqda. Ikki gigant Germaniya hukumati xizmatchilari uchun dasturiy jihatdan himoyalangan planshetni yaratmoqchi. Samsung va Blackberry mazkur loyihaga  SecuTablet (“xavfsiz planshet”) deb nom bergan. Planshetning tayyor nusxasi Germaniya Federal axborot xavfsizligi tashkiloti tomonidan tasdiqlangan.

Planshet xavfsiz xabar almashish uchun BlackBerry Hub tizimi, ma’lumotlarni shifrlash uchun esa SecuSmart (BlackBerry mahsuloti) kartalaridan foydalanadi. SecuSmart planshetdagi barcha fayllarni, shuningdek, qurilmaga yuborilgan va undan yuboriladigan ma’lumotlarni ham shifrlaydi.

Bundan tashqari, planshetda BlackBerry va SecuSmart tomonidan integratsiyalangan xavfsiz sertifikatsiyalash tizimi va VPN aloqasi qo‘llanilgan. Amerikalik gigant bu bilan ham qanoatlanmay, qurilmaga xavfsiz qo‘ng‘iroq funksiyasini ham tatbiq etish maqsadida.

Samsung esa qurilma uchun xavfsiz apparat qismini yaratibgina qolmay, o‘zining Knox xavfsizlik platformasini planshet dasturiga qo‘llagan. Ushbu rejim nafaqat Android-planshetning dasturiy xavfsizligini kuchaytiradi, balki aloqador servislarni yaratishga yaxshi ekosistema hosil qiladi.

SecuTablet Germaniyada taxminan 2,250 yevro atrofida sotuvga chiqariladi. Model bozordagi narxi 400 yevro bo‘lgan Samsung Galaxy Tab S2 plansheti asosida yaratilgan.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.