Samsung’ning eng qimmat smartfoni sifatli renderlarda ko‘rsatildi

  •   DiMaX
  •  2850
  •  21.07.2017 15:47

Samsung’ning eng qimmat smartfoni sifatli renderlarda ko‘rsatildi

Samsung o‘zining Galaxy Note 8 fabletini 23 avgustda namoyish etishidan xabarimiz bor, shuningdek, uning ayrim xususiyatlari va taxminiy narxi ham ma’lum qilingan. Bugun esa BGR profil resursi ushbu qurilmaning sifatli suratlarini e’lon qildi.

Xabarga ko‘ra, sayt bu suratlarni navbatdagi g‘ilofsozdan olgan.

Tasvirlardan ko‘rinib turibdiki, Galaxy Note 8 modeli xuddi Galaxy S8’ning sal cho‘zilgan shakliga o‘xshaydi. Uning ekrani old panelni butkul qoplab olgan va «Uyga» tugmachasi yo‘q. Devaysning barmoq izi skaneri bo‘lsa orqa panelga – kameraning yoniga ko‘chirilgan.

Avvalroq tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Samsung Galaxy Note 8 oldingi modeldagidan ko‘ra ancha katta – 6,3 dyuymli displey bilan jihozlanadi. Tomonlarining o‘zaro nisbati 18.5:9 bo‘lgan Infinity Display ekrani Quad HD+ (2960x1440 piksel) sifatga ega. Unga Qualcomm Snapdragon 835 (ehtimol, Snapdragon 836 bo‘lar) yoki Samsung’ning o‘z mahsuloti – Exynos 8895 protsessorlari o‘rnatiladi. Tezkor xotirasi 6 gigabayt, doimiy flesh-xotirasi esa 256 gigabaytgacha hajmga ega bo‘lishi aytilmoqda.

Galaxy Note 8 devaysi Samsung’ning qo‘shaloq kameraga ega ilk smartfoni bo‘lishi mumkin. Uning asosiy kamerasi 12 megapikselli keng burchakli modul hamda 13 megapikselli telefoto-modulni o‘z ichiga oladi; ular birgalikda 3 karrali optik zumni ta’minlay biladi. Shunga o‘xshash konstruksiya kompaniyaning asosiy raqobatchisida – iPhone 7 Plus modelida mavjud. Note 8 akkumulyatori 3300 mA/soat sig‘imga ega bo‘lib, unga Android 7.1.1 Nougat operatsion tizimi o‘rnatiladi.

Samsung mazkur yangi modelini joriy yilning 23 avgustida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadigan matbuot tadbirida namoyish etajagini rasman tasdiqlagan. Savdoga esa bu model taqdimotdan bir oy o‘tgach chiqariladi.

 Mish-mishlarga qaraganda, Galaxy Note 8 modeli Samsung’ning eng qimmat smartfoni bo‘ladi. Uning narxi Janubiy Koreyada ming AQSh dollari, Yevropada, Shimoliy va Janubiy Amerikada esa 1100 dollarga teng bo‘lishi aytilmoqda.

Samsung’ning savdoda mavjud smartfonlariga poytaxtimizdagi «Malika» savdo markazida belgilangan narxlar, shuningdek, ularni kreditga olish shartlari bilan saytimizda tanishib chiqishingiz mumkin.