Seagate eng tezkor qo‘shimcha xotira qurilmasini e’lon qildi

Seagate eng tezkor qo‘shimcha xotira qurilmasini e’lon qildi

Yaqin-yaqingacha elektron qurilmalarning axborotlarni o‘qish tezligi sekundiga bir necha megabaytlarda o‘lchanar edi. Ammo zamonaviy innovatsiya yordamida bu tezlik bir necha marotabaga oshib, gigabaytlar bilan o‘lchanmoqda.

Amerikaning Seagate – qattiq disk va ma’lumotlarni saqlash texnologiyasini rivojlantiruvchi kompaniyasining ma’lum qilishicha, kompaniya tomonidan yaratilgan so‘nggi “NVMe SSD” nomli yangi xotira qurilmasi sekundiga 10 GB ma’lumotni o‘qish ko‘nikmasiga ega. Bunga qadar qayd etilgan bu turdagi qurilmalarning eng tezkori sekundiga 6 GB ma’lumotni o‘qish imkoniga ega bo‘lgan.

Ushbu tezkor SSD diskning ishlash samaradorligi ham, quvvatni tejash darajasi ham yuqori. SSD diskda tezlikning yuqori darajada bo‘lishi elektron qurilmada namoyish yoki ish jarayonining yuqori darajali va sifatli bo‘lishini anglatadi.

Seagate kompaniyasining ma’lum qilishicha, ayniqsa “bulutli saqlash” xizmatlarini ko‘rsatuvchi, shuningdek statistika va ob-havo ma’lumotlariga oid axborotlarni, umuman yirik hajmdagi ma’lumotlarni tarqatuvchi kompaniyalari ish mahsuldorligini oshirishlari uchun mazkur turdagi tezkor xotira disklari juda kerakli.

Kompaniya mazkur nomexanik xotira qurilmasini joriy yilning yozidan boshlab sotuvga chiqarishni rejalashtirgan. Hozircha mazkur birinchi darajali qo‘shimcha xotira qurilmasining narxi ma’lum qilingani yo‘q.

Amazon internet do‘konida esa sekundiga 6 GB ma’lumotni o‘qish ko‘nikmasiga ega 240 GB sig‘imli Seagate 600 SSD xotira qurilmasi 192 AQSh dollaridan sotilmoqda.

SSD (solid state disk – qattiq jismli xotira yoki qattiq jismli disk)  yarim o‘tkazgichli qo‘shimcha xotira qurilmasi hisoblanadi. Qo‘shimcha xotiraga ma’lumotlarni yozish, saqlash va o‘chirib tashlash mumkin.