"Selfiparast"lar uchun kuchli smartfon taqdim qilindi

26 mart kuni Xitoyda yetakchi smartfon ishlab chiqaruvchilaridan bo‘lgan Oppo kompaniyasi Oppo F7 smartfon modelini taqdim qildi. Tashqi ko‘rinishi serhasham, selfi suratlar uchun zarur ilg‘or kamera bilan ta’minlangan mobil qurilma ko‘rinishidan iPhone X hamda iPhone 8 flagmanlarini esga soladi.

Oppo F7 korpusi shishada tayyorlangan. Orqa panelda barmoq izi skaneri joylashtirilgan. Ko‘pchilik ayollar uchun yoqimli xabar -- smartfonning qizil rangdagi talqini ham birato‘la sotuvga chiqariladi. Bu talqin ko‘rinishidan yanada diqqatga sazovor.

Oppo F7 mobil telefoni 6,23 dyuymli, IPS matritsali, piksel sig‘imi Full HD+ (2280 ga 1080 piksel) bo‘lgan, shu bilan birga tomonlari nisbati zamonaviy -- 19:9 standartli ekranga ega bo‘lgan.

Uning platforma samaradorligi uchun 8 yadroli MediaTek Helio P60 protsessori, 4/6 gigabaytli tezkor hamda 64/128 gigabaytli doimiy xotira mas’ul bo‘lgan. microSD bo‘lmachasi yordamida smartfonning doimiy xotira sig‘imini 256 gigabaytgacha kattalashtirish mumkin.

USB Type-C universal porti orqali Oppo F7 korpusiga joylashtirilgan va elektr toki sig‘imi 3400 mA soat bo‘lgan akkumulyator batareyasini tezkor quvvatlash mumkin.

Oppo F7 modelining qolgan muhim jihatlari qatorida 16 megapikselli bosh hamda 25 megapikselli suratlar oluvchi old kamerani aytish mumkin. Ayniqsa, old kamerada "sun’iy aql" tizimi orqali suratni yanada go‘zallashtiruvchi Beauty 2.0 funksiyasi joriy qilingani ko‘pchilik selfi ishqibozlari uchun ayni muddao bo‘ldi. Xususan, bu funksiya "portret" rejimida samarali ijod qilishga yordam beradi.

Bundan tashqari, old paneldan o‘rin egallagan ilg‘or fotokamera evaziga Oppo F7 smartfoni Face Unlock funksiyasini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Uning yordamida foydalanuvchi mobil telefonni qiyofasi orqali blokirovkadan chiqarishi mumkin.

Oppo F7 korpusida Wi-Fi 802.11ac (2,4 GGs + 5 GGs), Bluetooht 4.2 LE, GPS, A-GPS, GLONASS hamda 4G tarmog‘ida VoLTE ovozli aloqa texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydigan modullar uchun joy ajratilgan.

Mobil qurilma bir vaqtning o‘zida ikkita SIM-kartada ishlay oladi.

Telefon o‘lchamlari: 156 x 75,3 x 7,8 mm, vazni esa 158 gramm.

Oppo F7 qadoqdayoq Android 8.1 Oreo'ning o‘zlashtirilgan ColorOS 5 operatsion tizimi boshqaruvida ishlaydi.

Afsuski, telefonda yaqin masofada kontaktsiz, ya’ni smartfon orqali to‘lovni amalga oshirishga yordam beradigan NFC moduli yo‘q.

Oppo F7 bir necha kunlardan so‘ng qora, tilla rang, kumush hamda qizil rangli korpuslarda sotuvga chiqariladi.

Oppo F7 bazaviy modelida 4 gigabaytli tezkor va 64 gigabaytli doimiy xotira mavjud. Ushbu talqin savdoga $339 narxida chiqariladi. Nisbatan ilg‘or, ya’gi 6 gigabaytli tezkor va 128 gigabaytli doimiy xotiraga ega talqin esa $416 dollarga baholangan.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!