Sensatsiya: Google sizning nima chizmoqchi ekaningizni oldindan biluvchi dastur yaratdi!

  •   DiMaX
  •  1099
  •  15.04.2017 09:59

Sensatsiya: Google sizning nima chizmoqchi ekaningizni oldindan biluvchi dastur yaratdi!

Axborot texnologiyalari sohasidagi bu gigant AutoDraw deb nomlangan yangi grafik muharrirni taqdim etdi. U foydalanuvchining nima chizmoqchi ekanligini oldindan aniqlab, variantlarni taqdim etadi. Kompaniya bu haqda o‘z blogida xabar bergan.

Press-relizda ta’kidlanishicha, sensor ekranda yoki sichqoncha bilan chizishga qiynaladiganlar uchun mazkur muharrir juda foydali bo‘ladi. Sun’iy ong va mashina o‘rganishi texnologiyalariga tayanuvchi AutoDraw’da, hatto eng tushunarsiz chizgilarni ham tizim anglab olib, tushunarli rasmga aylantirib beradi.

Kompaniya taqdim qilgan videolavhada, foydalanuvchi bo‘sh maydonchaga oddiy shaklni chizayotgani, sun’iy ong esa uning nima ekanini aniqlashga urinayotgani aks ettirilgan. Bir lahza o‘tar-o‘tmas, jihozlar panelida foydalanuvchi nimani chizishga urinayotgani borasidagi taxminlar taklif qilinadi. Ular orasidan kerakli variant tanlansa bas – qing‘ir-qiyshiq chiziqlar chiroyli tasvirga aylanadi.

Ishlab chiquvchilarning ma’lum qilishlaricha, ob’yektni anglash tezligi o‘ta yuqori. Bunda chizilayotgan rasm kamida ikki yoki undan ortiq unsurdan tashqil topgan bo‘lishi kerak. Shuningdek, professional rassomlar bu loyiha shablonlarini boyitishga hissa qo‘shish uchun o‘z chizmalarini taqdim etishlari ham mumkin.

Mazkur loyihada ham xuddi Google QuickDraw tajribasidagi texnologiya qo‘llangan – unda sodda chizmalardagi ob’yektlarni algoritm 20 soniyada tanib oladi. Biroq, TechCrunch nashrining ta’kidlashicha, AutoDraw’da «tajribalar uchun ko‘proq erkinlik» olish mumkin.