Smartfon kattaligidagi virtual voqelik shlemi ishlab chiqildi

Smartfon kattaligidagi virtual voqelik shlemi ishlab chiqildi

Shu vaqtga qadar zamonaviy virtual voqelik shlemlari deganda Oculus Rift, Samsung Gear VR, Microsoft Hololens va boshqa qimmatbaho brend qurilmalari yoki karton qog‘ozidan tayyorlangan arzon Google Cardboard tushunilar edi. San-fransiskolik startapchilar esa cho‘ntakka osongina joylashadigan SmartVR virtual voqelik shlemi loyihasini ishlab chiqishdi. Ayni paytda sifatli va arzon shlemlar uchun Indiegogo manbasi orqali investorlar jalb qilinmoqda.

Karton qog‘ozli virtual voqealik shlemlarining asosiy ikkita kamchiligi bor: ishonchsizligi va kuchsiz optikasi. Dodocase startapi ishlanmasi esa plastikdan ishlab chiqilgan. Ilk bor sinovdan o‘tkazganlarning so‘zlariga qaraganda, SmartVR`ning optik sistemasi Google Cardboard`ga qaraganda sezilarli darajada yaxshilangan.

Ma’lumotlarga qaraganda, Google kompaniyasi SmartVR`ni sertifikatlab, uning bozorlardan o‘rin olish huquqini tasdiqladi. Qayd etish joizki, yangi shlemning yig‘ilgan holatdagi hajmi iPhone 5 kattaligida bo‘lib, uni olib yurish juda qulay.

SmartVR iOS va Android asosida ishlaydigan har qanday kattalikdagi smartfon bilan moslashadi. Qurilma linzalarining diametri – 38 mm.

Startapchilar ilk virtual voqelik shlemini 2016 yilning iyunida taqdim etishga va’da bermoqda. Uskuna narxi esa bor-yo‘g‘i 28 dollar turadi.