Smartfondagi bildirishnomalarni o‘zingizga moslab oling

  •   DiMaX
  •  2933
  •  20.04.2017 13:29

Smartfondagi bildirishnomalarni o‘zingizga moslab oling

Smartfonlardagi tez-tez kelib turadigan bildirishnomlardan hamma ham bezib qolgan. Ammo ularni o‘ziga moslab olishni ko‘pchilik bilmaydi. Bugun shu xususda so‘z yuritamiz.

Afsuski, bir lahzadayoq hammasini to‘g‘rilash imkoni yo‘q. Sozlamalarni kavlashtirib, bildirishnoma (uvedomleniye, opoveщyeniye)larni ko‘nglingizga mos tarzda tartibga keltirish uchun sal vaqt ajratishingizga to‘g‘ri keladi. Lekin ketgan vaqtingiz shunga arziydi: keyin ular ekraningizda to‘planib, g‘ashingizga tegib yurmaydi. Smartfoningiz faqat o‘zingizga kerakli ma’lumotlarnigina ekranga uzatadigan bo‘ladi.

Buning bir nechta yo‘li bor, ularni birma-bir ko‘rib chiqamiz.

1. Har bir ilovaning sozlamalarini ko‘rib chiqing

O‘rtacha foydalanuvchi smartfondagi alohida ilovalarning bildirishnomalar sozlamalariga kamdan-kam holda ko‘z tashlaydi. Agar ular qatoridan bo‘lmasangiz, hayotingizga ancha yengillik kiritishingiz mumkin.

Masalan, Facebook’da izohlar haqidagi, do‘stlik taklifi yoki guruhlardagi postlar to‘g‘risidagi bildirishnomalarning har birini alohida sozlash mumkin. Buni mobil ilova orqali ham, ijtimoiy tarmoqning veb-versiyasi orqali ham amalga oshirish imkoni bor.

Android uchun Gmail ilovasi ham har bir belgi (metka) uchun bildirishnoma yuborishni o‘chirib-yoqib qo‘yish imkonini taqdim etadi. Shuningdek, pochta ilovasini sizga faqat eng muhim xatlar haqidagina bildirishnoma yuborishga «o‘rgatish» mumkin. iOS uchun Gmail ilovasida belgi (metka)larni boshqarish funksiyasi yo‘q, lekin ilovaning o‘zini shunday sozlash mumkinki, u smartfonga faqat muhimligi ustun bo‘lgan xatlar haqida xabar yuboradi.

Deyarli har bir dasturda bildirishnomalarni u yoki bu shaklda cheklash imkoniyati mavjud. Ayrimlarini esa faqat qanaqadir muhim hodisa xususidagi bildirishnomalarni ko‘rsatadigan qilib sozlash ham mumkin.

Misol uchun, Instagram ilovasini olsak. Biror do‘stingizning profilini oching-da, uning sozlamalari – «Nastroyki»ga kiring. Shu yerdan turib, faqat shu kishi uchungina bildirishnomalarni yoqib qo‘yishingiz mumkin bo‘ladi. Facebook’da esa yaqin do‘stlar ro‘yxati mavjud, faqat ularga tegishli bildirishnomlargina keladigan qilib qo‘ysa bo‘ladi.

2. Tizim bildirishnomalarini sozlang

Bildirishnomalar oqimini boshqarish qiyinligini operatsion tizim ishlab chiqaruvchi Google va Apple ham biladi. Shuning uchun ham Android va iOS’ga ularni sozlashning katta imkoniyatlarini kiritib qo‘yishgan. Har bir ilova uchun bildirishnomalarni faollashtirish yoki o‘chirib qo‘yish, shuningdek, ularning aks ettirilish usulini o‘zgartirish uchun operatsion tizim sozlamalarining tegishli bo‘limiga kiring.

Agarda sizga shu bildirishnomalar zarur bo‘lsa, har ikkala tizimda ham shunday qilish imkoni bor: ularni ovozsiz tarzda bir marta ko‘rsatadi va blokirovka ekranida aks ettirmaydi. Bildirishnomalar to‘planib boradi va bo‘sh paytingiz kirib, bemalol har birini ko‘rib chiqishingiz mumkin.

Yana bir variant – ayrim ilovalar uchun bildirishnomalarni o‘chirib, ammo ular uchun vidjetlar qo‘shib qo‘yish. Vidjetlar Android’ning uy ekranida, iOS’ning esa bildirishnomalar markazida aks etadi.

Har ikkala operatsion tizimda ham «Bezovta qilmaslik» («Ne bespokoit») rejimi bor. Uning parametrlarini iOS’da sozlamalarning asosiy menyusi orqali, Android’da esa ovoz sozlamalari orqali o‘zingizga moslab to‘g‘rilash mumkin. Bunda bildirishnomalar keladi, ammo bunda telefon birortayam ovoz chiqarmaydi.

Muqobil sifatida parvoz rejimini qo‘llash ham mumkin. Shu rejimni yoqib qo‘yib, keyinchalik – qo‘lingiz bo‘shaganida bir o‘tirib, yig‘ilib qolgan barcha bildirishnomalarni ko‘rib chiqsangiz bo‘ladi.

Shuningdek, smartfoningizda o‘rnatilgan dasturlar ro‘yxatini ham bir ko‘zdan kechirib, faqat keraklilarini qoldirishni maslahat beramiz.

3. Bildirishnomalarni maxsus ilovalar yordamida sozlash

IFTTT

Topshiriqlar avtomatizatori hisoblanmish IFTTT ilovasi foydalanuvchiga ko‘p imkoniyatlarni taqdim etadi. Jumladan, uning yordamida bildirishnomalarni sozlash ham mumkin. Bunga ozroq vaqt ketadi, lekin evaziga bildirishnomalar kelishini butunlay o‘z ko‘nglingizdagidek qilib olasiz. Masalan, Twitter’dagi faqat belgilangan akkauntlardan kelgan xabarlarni ko‘rsatish, ob-havo faqat yomon bo‘lsagina xabar berish singari.

Bizning holatimizda – eng yaxshisi, dastavval operatsion tizimdagi barcha bildirishnomalarni o‘chirib qo‘ygan ma’qul. Keyin esa IFTTT ilovasini ochasiz va o‘zingizga kerakli bildirishnomalarnigina yoqasiz.

Servisda juda nozik sozlamalar tizimi mavjud: u sport matchlari natijalari bilan, ijtimoiy tarmoqlar, pochta kliyentlari, yangiliklar servislari va hokazolar bilan ishlay oladi.

IFTTT ilovasini Android uchun mana bu, iOS uchun esa mana bu havola orqali ko‘chirib olsangiz bo‘ladi.

Pushbullet

Bu borada tavsiya etish mumkin bo‘lgan yana bir servis – Pushbullet. U smartfonga keladigan bildirishnomalarni kompyuterga, mobil qurilmalarga yuboradi va hatto ularni brauzerda ham ko‘rsata oladi. Bir qarashda, bu noqulaydek tuyulishi mumkin. Ammo foydalanish jarayonida bilasizki, mazkur mahsulot bildirishnomalar bilan ishlashni osonlashtiradi – har besh daqiqada telefoningizni tekshirib qo‘yishga hojat qolmaydi.

Mazkur dasturni Android uchun mana bu, iOS uchun esa mana bu havola orqali olib o‘rnatish mumkin.

Pushover

Pushover servisining ishlashi ham shunga o‘xshash. Siz sevimli ilovalaringizdan keladigan xabarlarni sozlashingiz, ularning aks etish vaqtini belgilashingiz va bildirishnomalarni kompyuterdan kirib tekshirishingiz mumkin. Bundan tashqari, mazkur servis IFTTT bilan hamkorlikda ham ishlay oladi, bu esa bildirishnomalarni boshqarishning eng yuqori darajasini taqdim etadi.

Pushover’ni Android uchun mana bu, iOS uchun esa mana bu havola orqali yuklab olsangiz bo‘ladi.