Smartfonlar nafasdan kasallikka tashhis qo‘yishni o‘rganadi

Smartfonlar nafasdan kasallikka tashhis qo‘yishni o‘rganadi

Koreya ilg‘or texnologiyalar instituti (Janubiy Koreya) olimlari chiqarilayotgan nafas havosini tahlil qilishga ko‘maklashadigan ultrasezuvchan sensor ustida ish boshlashdi. Kelgusida mazkur sensor olib yuriluvchi qurilmalar, masalan, smartfonlarga o‘rnatiladi. Bu haqda PhysOrg nashri xabar bermoqda.

Inson nafasi tarkibida o‘ziga xos uchuvchan organik birikmalar mavjud bo‘lib, ular orasida xavfli sanalgan vodorod sulfid, ammiak va toluol ham uchraydi. Agarda ular miqdori to‘g‘ri belgilab olinsa, qand kasalligi, buyrak yetishmovchiligi va hattoki o‘pka saratonining erta bosqichlari o‘z vaqtida aniqlanishi mumkin. Ayni paytda tadqiqotchilar oksidli metall-yarimo‘tkazgich tolalaridan tarkib topgan sensorni yaratish ustida izlanishlar olib bormoqda. Uning yordamida real vaqt rejimida natijalarni olish imkoni mavjud.

Sensor faqatgina kasalliklarni aniqlash uchun emas, balki bino ichi yoki tashqaridagi havo sifatiga baho berish maqsadida ham qo‘llanilishi mumkin. Olimlarning tasdiqlashlaricha, sensor tadbiq etilgan texnologiya turli xildagi elektron qurilmalar: smartfonlar, gadjetlar va hatto tibbiy jihozlarga joriy qilinishi mumkin.

Bemor salomatligini tekshirish uchun shifoxonalarga murojaat qilish, deylik magnit-rezonans tomografiya uchun to‘lovni amalga oshirish kerak. Sensor esa mablag‘larni iqtisod qilishga imkon tug‘diradi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.