Smartfonlarning 10 yilgina «umri» qoldi. Xo‘sh, innaykeyin-chi?

  •   DiMaX
  •  3928
  •  21.04.2017 12:55

Smartfonlarning 10 yilgina «umri» qoldi. Xo‘sh, innaykeyin-chi?

Smartfonlar bizning hayotimizga misli ko‘rilmagan yangiliklarni olib kirdi, hozir ularsiz biror kunimizni tasavvur eta olmaymiz. Ammo, kuzatuvchilarning fikricha, yana o‘n yillardan keyin ularning keragi ham bo‘lmay qoladi.

Pyeyjer qismati

Xuddi peyjer va faks apparati singari, smartfon ham yaqin yillarda tarixga aylanib ulguradi. To‘g‘ri, bungacha o‘n yilcha vaqt kerak, ammo baribir smartfonning davri o‘z yakuniga yetadi. Hozirning o‘zidayoq Elon (Ilon) Mask, Microsoft, Facebook, Amazon va ko‘plab startaplar shu tomonga qadam qo‘yishgan.

Aytish kerakki, smartfonlar yo‘qolgach, haqiqatan ham g‘alati davrlar boshlanadi. Nafaqat shaxsiy gadjetlar olamida, balki umuman texnologiyalarda, balki hatto o‘zimizda ham jiddiy o‘zgarishlar yuz beradi.

Mana, smartfonlardan keyingi dunyoning umumiy ko‘rinishi, qisqacha aytganda, quyidagicha bo‘ladi…

Yaqin yillarda

Hozirda iPhone va shu kabi milliardlab qurilmalarga kishilar xuddi qandaydir bir inqilobiy hodisadek qarashadi. To‘g‘riyam-da, axir, uning bittagina o‘zida ham telefon, ham navigator, pleyer, mini-kompyuter va hokazolar mujassam, yana cho‘ntakka sig‘ib, yoningizda yuradi. Bugungi kunda u hatto kishining shaxsiy yordamchisi, xizmatchisiga ham aylangan – kerak bo‘lsa, siz uchun taksi chaqiradi yoki Siri va boshqa interfeyslar orqali savollaringizga javob beradi.

Ammo siz unga boshqa tomondan ham qarab ko‘ring-da. Mana, masalan, siz ishlatadigan stol kompyuterini olaylik: u tizim blogi + monitor + sichqoncha + klaviatura, yana qo‘shimcha (printer, skaner…) jihozlardan iborat qurilmalar jamlanmasi. Smartfon ham aslida mana shuning ixcham modeli, faqat unda klaviatura o‘rniga displey sensoridan foydalaniladi.

Masalan, yaqindagina taqdim etilgan Samsung Galaxy S8’ni olaylik. Bu – «nihoyasiz ekranli» va «yuragi baquvvat» qurilma. Lekin unda inqilobiy jihatlardan ko‘ra, yangi shakldagi eskiliklar ko‘proq. Bir narsani tan olish kerak – yangi Galaxy’ning o‘zida Bixby virtual yordamchisi bo‘lib, Samsung’ning ta’kidlashicha, vaqti kelib u telefonni va ichidagi barcha ilovalarni faqat ovozingiz bilangina boshqarish imkonini beradi. Shuningdek, unga Facebook Oculus bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan virtual borliq (virtual reallik) xedseti ham qo‘shilgan. Navbatdagi iPhone ham undan qolishmaydi – Apple va’dasiga ko‘ra, u Siri va boshqa servislarini yangilab, virtual borliqni shundoqqina kaftingizga yubormoqchi.

Hozircha Amazon Echo, Sony PlayStation VR va Apple Watch kabi qurilmalardan sal tor qamrovli bo‘lsa-da, sezilarli muvaffaqiyat bilan foydalanilmoqda. Ammo turli kompaniyalar kompyuter interfeyslari sohasida yanada ko‘proq tajribaviy mahsulotlar ishlab chiqarishga zo‘r berishmoqda.

Uzoq kelajakda

Kelajakda bu turli-tuman tajribalar va beta-texnologiyalar o‘zaro birlashib, bizning aqlimiz hozircha qamrab ola bilmaydigan darajadagi bir narsa yuzaga keladi. Microsoft, Facebook, shuningdek Google va Magic Leap hozir virtual borliq garnituralari ustida ish olib borishayotir. Bu yaratiladigan jihozlar batafsil 3D-tasvirlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri insonning ko‘ziga yuboradigan bo‘ladi. Hatto Apple ham shunga o‘xsha bir nimalar ustida bosh qotirayotgani haqida gap-so‘zlar yuribdi.

Microsoft xodimi Aleks Kipman yaqinda Business Insider nashriga bergan intervyusida aytishicha, virtual borliq nafaqat smartfonlarni, balki TVlarni, umuman, ekranli barcha qurilmalarni birato‘la siqib chiqarishi mumkin. Axir, qo‘ng‘iroqlar, chatlar, kino va o‘yinlarning barchasini biryo‘la ko‘zning o‘zida aks ettirish mumkin bo‘lsa, ularning har biriga bittadan qurilma olib o‘tirishning nima keragi bor?

Bu orada esa, Amazon Echo yoki AirPods singari gadjetlarning ahamiyati tobora oshib borayotir. Hamonki Siri’dan Alexa’gacha bo‘lgan sun’iy ong tizimlari aqllilashib borar ekan, bu kabi texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlovchi kompyuterlarga bo‘lgan talab ham oshaveradi.

Ammo, bu kabi o‘zgarishlar texnologiyalarning real hayot bilan yanada chambarchas bog‘lanib ketishiga olib keladi. Yirik kompaniyalar tasvirlab berayotgan kelajakda gadjetlar bizni u qadar qattiq chalg‘itmaydi va real hayot uchun vaqtimiz ko‘proq qoladi.

Telbavor kelajak

Baribir, o‘n yillar keyingi kelajak uchun kiritilayotgan kiritilayotgan mablag‘lar ham taqib yuriladigan devayslarga asoslanadi – cho‘ntakdagi yassi qurilma bo‘lmasa ham ko‘zoynak singari. Yanayam telbavor kelajak esa undan yana o‘n-yigirma yillar o‘tgach kirib keladi.

Masalan, Elon (Ilon) Maskning Neurolink’ini olaylik. Bu kompaniya «neyron to‘rlar»dan foydalangan holda, bizning «biologik kompyuter»imiz – miyamiz orasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanish yaratib, texnologiyalarni miyaga «qo‘shib yuborish» ustida ishlamoqda. Bu yerda gap inson va texnologiyalarning o‘zaro uyg‘unlikda yashashi emas, balki ularning o‘zaro qo‘shilib ketishi xususida ketayotir.

Agar bu amalga oshsa (bunga ko‘pchilikning ishongisi keladi), bu xuddi o‘sha biz smartfonlar bilan boshlagan yo‘lning mantiqiy yakuni bo‘ladi. Smartfonlar bizga ma’lumot berayotgan, virtual borliq esa mazkur ma’lumotga kirib borishni tezlashtirib, osonlashtirayotgan bo‘lsa, neyron to‘rlar oradagi to‘siqni butkul olib tashlaydi.

Maskka ko‘ra, bunga bo‘lgan talab sun’iy ongning taraqqiy etishi bilan bog‘liq. Insoniyat texnikadan ortda qolmasligi uchun endi uni emas, balki o‘zini takomillashtirishi lozim.

Odam va mashina yaxlit bo‘lib birlashishi g‘oyasi birmuncha cho‘chitadi ham. Fantastlar, futuristlar va faylasuflar to‘g‘ri savol berishadi: insonni inson qilib turgan narsa nima o‘zi? Ayni damda, bunaqa g‘oyalar shu qadar yangicha, shunchalar o‘zgachaki, kelajakda dunyo qanaqa bo‘lishini hozircha tasavvur ham eta olmaymiz.

Qachonki smartfonlar hayotimizdan chiqib ketsa, bu – haqiqatan ham bir davrning yakuni bo‘ladi. Texnologiyalar hayotdagi passiv yo‘ldosh bo‘lishni to‘xtatib, har birimizning ajralmas qismimizga aylanib ketadi.

Tasavvur qila olasizmi?

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.