Sobiq ittifoqning 10 ta afsonaviy  fotoapparati

Sobiq ittifoqning 10 ta afsonaviy  fotoapparati

Bugungi 25-30 yoshdan yuqori bo‘lgan avlod bolalikdagi fotosuratlarni tomosha qilib, zavqqa to‘ladi, eski xotiralarni yodga oladi. Sobiq ittifoq davri fotoqurilmalari bilan olingan bu rasmlar, sifatidan qat’iy nazar, ular uchun juda qadrli, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bolalik xotiralari hurmati uchun ham bugun tarixni fototasmalarga muhrlagan, sobiq SSSRda ishlab chiqarilgan afsonaviy apparatlar xususida so‘z yuritamiz. Garchi ularning aksariyati g‘arb modelarining nusxasi bo‘lsa-da, apparatlar orasida qiziqarli qurilmalar ham mavjud edi hamda ko‘pchilikda ular bilan bog‘liq iliq taassurotlar qolgan.

Smena-8M

Sovet davri va undan keyingi davrning ko‘plab fotohavaskorlarining ijodiy faoliyati aynan mana shu oddiy fotoapparatdan boshlangan (yuqoridagi suratga qarang). Shkalali fokuslash (boshqacha aytganda “ko‘z bilan”), diafragma va tutib turishlar to‘plamining ozligi, eksponometrning mavjud emasligi – bularning barchasi ozgina ko‘nikmasi bor odamga yaxshigina suratlar olishda to‘sqinlik qilolmas edi. Qolaversa, “Smena-8M” fokus masofasi 42 mm va yorug‘lik kuchi f/4 bo‘lgan triplet tipidagi nisbatan yorug‘ va yaxshi ob’yektiv bilan jihozlangan.

 Leningrad

Sovet Ittifoqida nemislarning uzoqni ushlaydigan kameralarining bir qancha nusxalari ishlab chiqarilgan. Ammo “FED” (u “Leica”ning yomon nusxasi edi) va “Zorkiy” (“FED”ning rivojlangan varianti)dan tashqari haqiqatan ham o‘ziga xos bo‘lgan “Leningrad” nomli apparat ishlab chiqarilgan (1953-1954). Uning birinchi galdagi o‘ziga xosligi soniyasiga 3 tagacha kadr olish tezligidagi tasvir olish imkonini beradigan prujinali mexanizm qo‘llanilganligida edi. Prujinaning bir buralishi 12 ta kadr olishga yetardi.  Uning boshqa xarakteristikalari ham o‘z davri uchun yaxshi edi: ushlab turish diapazoni 1 dan 1/1000 soniyagacha bo‘lgan lamel zatvor, 57 mm bazali dalnomer, an’anaviy dalnomerlar uchun xos bo‘lgan “ikkitali dog‘”dan farqli ravishda parallaks korreksiyasi va “oynali hududli” noodatiy vidoiskatel qo‘llanilgan. Kamerada M39x1 rezbali va ishchi kesimi 28.8 mm bo‘lgan (xuddi “FED” va “Zorkiy” singari) almashtiriladigan optikadan foydalaniladi.

Zorkiy-4

“Zorkiy” oilsiga mansub fotoapparatlar, bizningcha, deyarli har bir sovet oilasida bo‘lgan. 1956 yildan 1973 yilgacha uzluksiz ishlab chiqarilgan va umumiy tiraji 1 million 700 ming donadan ortiq bo‘lgan “Zorkiy-4” ular orasida eng ommaviysi hisoblanadi. “Zorkiy”ning oldingi variantlari singari to‘rtinchi model ham ushlab turish diapazoni 1 dan 1/1000 soniyagacha bo‘lgan shtorli zatvor, ulanish rezbasi M39x1 bo‘lgan ob’yektiv bilan jihozlangan. Darvoqe, “Zorkiy-4”ga eksponometr o‘rnatilmagan, shu bois yaxshi suratlar olish uchun ekspozitsiyani ko‘zda chamalash yoki qo‘lda boshqariladigan eksponometrdan foydalanish zarur bo‘lardi.

Kiyev-2

Yana bir afsonaviy sovet fotoapparati bo‘lib, uning afsonaviyligi asosan Contax II ning aniq nusxasi ekanligi bilan izohlanadi. Xatto ushbu kameraning ilk nusxalari reparatsiya hisobiga Sharqiy Germaniyadan olib chiqib ketilgan (ishlab chiqarish uskunalari bilan birga) katta miqdordagi Contax detallaridan yig‘ilgan. Tuzilishining muvaffaqiyatliligi bois “Kiyev” fotoapparatlari deyarli o‘zgarishsiz 80-yillargacha ishlab chiqarilgan. Sovet davrining boshqa dalnomer apparatlari bilan solishtirganda, u katta va yorug‘ vidoiskateli, ushlab turish diapazoni 1 dan 1/1000 soniyagacha bo‘lgan lamel zatvori, ob’yektivlarni ulash uchun qulay edi.

Kiyev-10 va Kiyev-15

Kiyevdagi “Arsenal” zvodida faqat dalnomer emas, balki oynali kameralar ham ishlab chiqarilgan. Ular orasida “Kiyev-10” va “Kiyev-15” modellari ajralib turadi. 1965 yilda ishlab chiqarilgan “Kiyev-10” nafaqat ekspozitsiyasi avtomatik tarzda o‘rnatiladigan birinchi sovet kamerasi, balki ushlab turish ustunligi rejimiga ega dunyodagi ilk fotoapparat hisoblanadi. Afsuski, unda eskirgan selenli eksponometr qo‘llanilgan, buning ustiga, u tashqarida – kameraning  korpusida joylashgan edi. Bu kamchilik 1976 yildan ishlab chiqarila boshlangan “Kiyev-15”da bartaraf etildi.

U oltingugurt-kadmiyli fotorezistrlar (CdS) bazasidagi TTL-eksponometr bilan jihozlangan. Kameralarning asosiy kamchiligi o‘ziga xos va boshqa biror narsaga mos kelmaydigan bayonetlar edi. “Kiyev-10” va “Kiyev-15” uchun sovet ob’yektivlari “Avtomat” belgisiga (masalan, “Gelios-81 Avtomat”) ega bo‘lgan.

LOMO Kompakt-Avtomat

Bizningcha, “lomografiya”ni boshlab bergan eng mashhur sovet kamerasi. Shkala tipidagi fokuslagichga va avtomatik ekspozitsiya o‘rnatishga ega “sovun qutisi”.  Kamera fokus masofasi 32 mm va yorug‘lik kuchi f/2.8 bo‘lgan nisbatan ravshan Minitar-1 ob’yektivi bilan jihozlangan. Haligacha ishlab chiqariladigan (Lomografiya jamiyati buyurtmasi asosida) yagona sovet fotoapparati.

Salyut

Loyihasida Hasselblad 1600F dan foydalanilgani uchun “sovet Xasselbladi” deb atalgan fotoapparat. 120 yoki 220 tipidagi o‘rta formatli plenkaga 56x56 mm o‘lchamdagi kadrlarni olish uchun mo‘ljallangan kamera. “Salyut”ning barcha aksessuarlari: plenka orqaliklari, almashtiriladigan aksessuarlar va ob’yektivlar “Xasselblad”ning ilk modellariga mos keladi. Kamera ushlab turish diapazoni 1 dan 1/1000 soniyagacha bo‘lgan fokal zatvori bilan jihozlangan. SSSRda “Salyut” va “Salyut-S” kameralarida qo‘llash uchun mo‘ljallangan 13 xil V bayonetlari ishlab chiqarilgan.

Gorizont

Biz hozir raqamli texnologiyalar qurshovida panoramalarni tabiiy narsa sifatida qabul qilamiz. Tasvir plenkaga olinadigan davrlarda panoramali tasvirlar olish ko‘pdan-ko‘p murakkabliklarga ega bo‘lgan. Qizig‘i shundaki, dunyodagi eng yaxshi panorama kameralaridan biri aynan Sovet Ittifoqida ishlab chiqarilgan. U “Gorizont” apparati edi. Bu kamerada ob’yektiv va zatvor aylanadigan barabanga o‘rnatilgan bo‘lib, standart 35 millimetrli plenkada kadr o‘lchami 24x58 mm.ni tashkil qilgan. “Gorizont”ning muvaffaqiyati sirlaridan biri ob’yektivida edi – juda ravshan to‘rt linzali anastigmat “MS OF-28P” dastlab harbiy maqsadlar uchun yaratilgan edi. “Gorizont”ning aksariyat qismi eksport qilingani bois, sovet davrida ushbu kamerani sotib olish juda mushkul ish edi.

Zenit-19

Krasnogorsk mexanika zavodida “Zenit” fotoapparatining turli modellari ishlab chiqarilgan bo‘lsa-da, aynan “Zenit-19” ular orasida eng yaxshisi hisoblanadi. Bu apparat 90 foizdan ortiq kadrni aks ettiruvchi oynali vidoiskatelga (birinchi modellarda bu ko‘rsatkich 60 foizdan salgina ortiq bo‘lgan), ushlab turish diapazoni 1 dan 1/1000 soniyagacha bo‘lgan (ilk “Zenit”larda ushlab turish diapazoni 1/30 dan 1/500 soniyagacha bo‘lgan) boshqariladigan lamer zatvoriga ega. Apparat 1988 yilgacha ishlab chiqarilgan, 1984 yil va undan keyin ishlab chiqarilganlari eng ishonchli modellar hisoblanadi, ular qayta ishlangan zatvor bilan jihozlangan (bu kameralar eski zatvorli modellardagi 1/60 o‘rniga 1/125 soniyali ushlab turish sinxronizatsiyasi bilan farqlanadi).

Almaz-103 va Almaz-102

“Almaz” sovet muhandislarining kichik o‘lchamli professional reporter kamerasini yaratish yo‘lidagi ilk va so‘nggi urinishi bo‘lgan. O‘ta ishonchli, yechiladigan vidoiskatellari va fokuslovchi ekranlari bo‘lgan Nikon F2 professional kamerasi namuna sifatida olingan. Kamera uchun maxsus yangi oyna mexanizmi va ushlab turish diapazoni 10 dan 1/1000 soniyagacha bo‘lgan metall lamer zatvori yaratilgan. Ob’yektivlarni o‘rnatish uchun K bayonetidan foydalanilgan (xuddi Pentax oynali kameralaridagi kabi). “Almaz-103” bazaviy model hisoblangan va unga eksponometr o‘rnatilmagan. “Almaz-102”da esa +/- 2 bosqichli diapazonda ekspozitsiyani raqamli indikatsiya qiluvchi TTL-eksponometr mavjud edi.

Afsuski, “Almaz”lar eng ishonchsiz sovet fotokameralari sifatida tanildi. Ishlab chiqaruvchi zavodda (LOMO) detallarni kerakli aniqlikda tayyorlash uchun zarur uskunalar mavjud emasdi. Detallarga ishlov berishdagi muammolar bois zatvordagi kulachokli mexanizm po‘latdan emas, balki latundan yasaladi. U esa tezda yeyilib, qirindilari kamera mexanizmlariga tushib, ularni ishdan chiqarardi. Shuning oqibatida bor-yo‘g‘i 10 ming donaga yaqin “Almaz-103” hamda atigi 80 dona “Almaz-102” ishlab chiqarilgan.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.