Sony eng takomillashgan to‘liq formatli ko‘zgusiz kamerani taqdim qildi

Sony eng takomillashgan to‘liq formatli ko‘zgusiz kamerani taqdim qildi

Sony ko‘zgusiz to‘liq formatli, ya’ni 24 ga 36 mm.li sensorga ega ilg‘or Alpha 9 kamerasini taqdim qildi. Yangi kamera qator o‘ziga xos afzalliklarga ega. Sony Alpha 9 kamerasi 24 megapikselli suratlar oladi. U «blekaut» — yorug‘lik filtrisiz fotosuratlarni sekundiga 20 kadr chastota tezligida muhrlaydi. Alpha 9 kadrni 93% qamrab oladi, uning suratga olinadigan ob’yekt holatini kuzatish uchun xizmat ќiladigan vizirining sig‘imi 3,686 megapikselni va yangilanish chastotasi sekundiga 120 kadrni tashkil qiladi. Sony Alpha 9 to‘xtovsiz ravishda sekundiga 20 kadr chastota tezligida RAW formatida 241 ta, JPEG formatida 362 ta fotosuratni muhrlaydi.

Kamera ob’yektivining ochiq turish vaqti, ya’ni yorug‘likka ta’sirchan matritsaga nurning aks etish vaqtining oralig‘i 1/32 000 sekundni tashkil qiladi. Havaskor kameralarda bu 1/4000 cyekundni tashkil qiladi. Kamerada ob’yektiv ochilish intervali qancha yuqori bo‘lsa, yorug‘lik qamrovi ko‘proq va surat shuncha yorqinroq chiqadi.

Kamera 5 EV texnologiyasiga ko‘ra, 5 o‘qli harakatlanish bo‘yicha suratni barqarorlashtirish tizimi bilan ta’minlangan. Alpha 9’da 24,2 megapikselli Exmor RS CMOS tasvir datchigi o‘rnatilgan bo‘lib, Sony’ning aytishicha, bu datchik avvalgi to‘liq kadrli boshqa ko‘zgusiz kameralarga qaraganda ma’lumotlarni 20 barobar tezroq qayta ishlaydi. Shuningdek, Bionz X protsessorining suratlarni qayta ishlash jarayoni ham oshirilgan. Kamera 4K sig‘imli video suratga oladi.

Sony Alpha 9 boshqa qurilmalarga LAN-porti orqali ulanadi. Shuningdek, unda 2 ta — SD va SD/Memory Stick xotira kartalari uchun bo‘lmachalar mavjud. Yaponlar akkumulyator sig‘imini 2,2 barobarga oshirishgan. Endi to‘liq quvvat bilan 480 ta fotosurat olish mumkin.

Yaxshi surat olish uchun Sony yangi texnologiyalarni joriy qilgan, jumladan BSI-arxitekturasi, tirqishsiz dizayndagi mikrolinz va boshqa jihatlar bilan kamera sensori DxOMark kameralar sinovida yuqori ball bilan rekord o‘rnatishi aytilmoqda.

Kamera vazni – 673 gramm, u Wi-Fi, NFC, Bluetooth kabi simsiz aloqa texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi, unda olingan fotosurat va videolarni mobil qurilmalarga simsiz uzatish mumkin.

Sony A9’ning narx-navosi ko‘zguli flagman kameralari bo‘lgan Canon EOS-1D X Mark II va Nikon D5’dan arzon. Uning 25 maydan $4500 dollardan sotuvga chiqarilishi ma’lum qilingan.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.