Sony'ning "Orzu" smartfoni ilk marta to‘liq ko‘rinish berdi

Sony'ning

So‘nggi ikki yildirki, Sony Mobile kompaniyasi mobil qurilmalar bozorida o‘zining salmoqli muxlislarini qo‘ldan boy berdi. Bu bevosita peshqadam raqiblar bilan bog‘liq. 2018 yilda yaponiyalik korporatsiya bu xatosini to‘g‘irlab, tez orada jahonning Xperia XZ Pro smartfon modeli bilan hayratda qoldirmoqchi. Manbalarning ma’lum qilishlaricha, yangi smartfon bir oydan so‘ng – shu yilning 26 fevralidan 1 martiga qadar o‘tadigan MWC 2018 ko‘rgazmasida taqdim qilinadi.

Sony Xperia XZ Pro modeli har tarafidan to‘liq aks etgan surat kuni kecha insayderlar tomonidan tarqatildi. Xabar berilishicha, bu gadjet Sony Mobile'ning yon romlaridan xoli, Super AMOLED-ekranli ilk smartfoni bo‘ladi, shu bilan birga devays qo‘sh sensorli bosh kamerasi bilan ham o‘ziga xos. Uning qadoqdayoq Android 8.1 Oreo boshqaruv tizimiga ega bo‘lishi ham o‘ziga xosdir.

Sony Xperia XZ Pro smartfoni 5,7 dyuymli, 4K (4320 ga 2160 piksel) sig‘imli va tomonlari nisbati 18:9 standartli OLED-ekran bilan ta’minlanadi. Uning kuchli jihatlari qatorida 8 yadroli yangi va ilg‘or Qualcomm Snapdragon 845 protsessorini ko‘rish mumkin. "Aqlli telefon"ning chastota tezligi 2,8 GGs.ga yetadi. Grafika va tasvirlarni qayta ishlash uchun Adreno 630 video-kartasi tanlangan.

Devaysning tezkor xotira sig‘imi 4/6 GB, doimiy xotira esa 64/128 gigabaytli. Smartfonda Wi-Fi 802.11ad, Bluetooth 5.0, A-GPS va NFC modullari, 23 megapikselli bosh va 16 Mp aniqligidagi old kamera, USB Type-C universal porti, Quick Charge 4.0 tezkor quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydigan akkumulyator mavjud.

Suratlarga ko‘ra, "orzu" smartfoni romsiz va yonlari qayrilma ekranli. Biroq, displeyning quyi va yuqori qismlarida hoshiyalar mavjud. Bu hoshiyalarning har ikkalasida dinamiklar yashiringan va Xperia XZ Pro foydalanuvchilari stereo-ovozdan umid qilishlari mumkin.

Orqa paneldan firma logotipi, qo‘sh sensorli bosh kamera o‘rin olgan.