Sony smartfon savdosida raqiblarini “yer tishlatish”ini aytdi

Sony smartfon savdosida raqiblarini “yer tishlatish”ini aytdi

Chipworks blogida yozilishicha, Sony’ning mobil qurilmalar uchun ishlab chiqarayotgan kamera datchiklaridan jahondagi qator ishlab chiqaruvchilar, jumladan Apple korporatsiyasi ham o‘zining flagmanlarida foydalanadi. Misol uchun, iPhone 7 protsessorida Sony Exmor RS texnologik platformasi va Bayer RGB filtridan foydalanilgan. Lekin, yaqindagina Sony o‘zining eng ilg‘or kamera modullarini faqatgina o‘zi ishlab chiqarayotgan smartfonlar uchun asrab qo‘ygani ma’lum bo‘ldi.

Bir muddat avval Imaging Resource saytida Sony rahbari bilan o‘tkazilgan suhbat e’lon qilingan edi. Suhbat chog‘ida kompaniya rahbari Sony surat datchiklarini yetkazib berishni cheklayotganini ma’lum qilgan.

Intervyuda yaponiyalik korporatsiya rahbari kelajakda Sony’ning eng ilg‘or kamera texnologiyasi faqatgina brendning o‘z smartfonlarida tatbiq etilishi hisobiga kompaniya jahondagi smartfon raqobatida g‘olib chiqishni reja qilayotganini aytgan.

Ilg‘or suratga olish texnologiyasi deganda Sony 3 yo‘nalishga diqqatini qaratmoqda: tasvir sig‘imi kattalashtirilgan suratlar olish, kamera optik priborining yorug‘likni qamrab olish darajasini oshirish va datchiklarning tezkor ishlashi.

MWC 2017 anjumanida Sony kompaniyasi Xperia XZ Premium nomli yangi flagman smartfonni taqdim etgan edi. Bu gadjet sekundiga 960 kadr yozib olish tezligiga ega “sekinlashtirilgan video rejimi”ga egaligi, kamera moduli o‘zining shaxsiy doimiy xotirasiga egaligi bilan jahonda tengsiz. Motion Eye deb nomlangan texnologiya sabab Sony smartfoni raqiblaridan ustun turadi.

Quyidagi, Xperia XZ Premium’ning “sekinlashtirilgan video rejimi”da olingan videoda bunga o‘zingiz ham guvoh bo‘ling:

 

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.