Sony virtual reallik garnituralari bozorida yetakchilik qilmoqda

Sony virtual reallik garnituralari bozorida yetakchilik qilmoqda

Joriy yilda bir qator yangi texnologiyalarga ega bo‘lgan virtual reallik garnituralari taqdim etildi. Canalys tahlilchilarining fikricha, yil oxirigacha jahon bo‘ylab bunday qurilmalarning umumiy sotuvi2 million donani tashkil qilishi mumkin ekan, 2020 yilga borib esa ushbu miqdor 20 millionga yetishi kutilmoqda. Ushbu hisobga faqat o‘z ekraniga ega VR-garnituralar kiritilgan.

O‘tkazilgan tadqiqotlar natijasiga binoan, Yaponiyaning Sony kompaniyasi virtual reallik shlemlari bozorining yaqqol yetakchisi deb topilgan. Garchi garnitura sotuvi ancha kech boshlangan bo‘lsa-da, yapon giganti ushbu yilda 800 000 dan ortiq virtual reallik shlemini sotishga muvaffaq bo‘lgan, deb yozmoqda IXBT.

Tayvanning HTC kompaniyasi esa yil davomida 500 000 atrofida Vive garniturasini sotib, ro‘yxatning ikkinchi pog‘onasida joy oldi. Agar Vive garniturasining yuqori narxda sotilganini inobatga olsak, ushbu natija ancha salmoqli ekanini anglash mumkin.

Uchinchi o‘rinni esa 400 000 ta atrofida virtual garnitura sotgan Oculus band qildi. Keyingi o‘rinlarni turli miqdorda VR-garnitura sotgan Deepoon, Idealens, 3Glasses va ANTVR kabi xitoylik kompaniyalari egallagan.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.