Sony Xperia XZ2: jihatlar, narx va taqdimot kuni

Sony Xperia XZ2: jihatlar, narx va taqdimot kuni

Keyingi haftada start olishi kutilayotgan MWC 2018 anjumani ibtidosida jahonning taniqli smartfon ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lgan Sony barchani yangi gadjet taqdimotiga chorlamoqda. Taqdimotning 25 fevralda o‘tkazilishi ma’lum qilinmoqda. 

Sony Xperia XZ2 hamda XZ2 Compact flagmanlari mobil aloqa texnologiyasining so‘nggi jihatlarini jam qilgan ilg‘or modellar, deya hozirdanoq e’tirof etilmoqda.

Jumladan, romdan xoli ekran, qo‘sh sensorli bosh kamera, qadoqdayoq Android 8.1 Oreo operatsion tizimi, Quick Charge 4.0 tezkor quvvat olish texnologiyasi, shuningdek boshqa qator jihatlar diqqatga sazovor.

Quick Charge 4.0+ texnologiyasining smartfonni quvvatlash salohiyati avvalgi avlod tezkor quvvatlash texnologiyasidan 15 foizga oshgan. Misol uchun, elektr toki sig‘imi 3200 mA soat bo‘lgan akkumultor quvvatini 25 daqiqa ichida 50% ga to‘ldirish mumkin.

Sony Xperia XZ2 hamda XZ2 Compact smartfon modellari oldiga yaponiyalik Sony kompaniyasining smartfon ishlab chiqarishdagi jahon miqyosidagi nufuzini oshirish vazifasi qo‘yilgan.

Sony Xperia XZ2 hamda XZ2 Compact "bayroqdor"lari 8 yadroli Qualcomm Snapdragon 845 protsessori bilan maqtana oladi. Bu chipsetning chastota tezligi 2,8 GGs, uning tezkor xotira sig‘imi 4 gigabaytli, doimiy xotira sig‘imi esa 64 gigabaytli. Grafika va tasvirni qayta ishlash uchun Adreno 630 video kartasi mas’ul. Shuningdek, smartfonlar Wi-Fi 802.11ac, NFC hamda Bluetooth 5.0 LE kabi modullarga ega bo‘lishadi.

Ekran diagonali. Xperia XZ2 modeli uchun 5,7 dyuymli, Xperia XZ2 Compact 5 dyuymli ekran bilan ta’minlanadi. 4K (4320 ga 2160 piksel) sig‘imli romsiz ekran tomonlari nisbati 18:9 standartli va displey Corning Gorilla Glass 5 shishasi bilan qoplab olingan.

O‘ziga xosliklari. Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur devayslar o‘rtasidagi farq displey o‘lchami bilan bog‘liq. Shu bilan birga, smartfonlar o‘lchami ham bir-biridan farq qiladi.

23 megapikselli bosh va 16 Mp aniqligidagi old kamera bu devayslarning kuchli jihatlaridan biri bo‘ladi.

Narx-navo. Har ikkala flagmanlarning martning boshidayoq sotuvga chiqishi xabar qilinmoqda. Smartfonlar avvaliga Yevropa bozorlarida sotiladi. Sony Xperia XZ2 modeli 800 yevro (980 AQSh dollari), Xperia XZ2 Compact ixcham modeli 700 (880 AQSh dollari) yevrodan sotiladi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.