Sovuqdan qo‘rqmaydigan 9 smartfon

  •   DiMaX
  •  1885
  •  06.02.2017 18:39

Sovuqdan qo‘rqmaydigan 9 smartfon

Bilamizki, telefonlarni ishlatish mumkin bo‘lgan eng pastki harorat chegarasi ularning foydalanish qo‘llanmasida yozib qo‘yilgan. Jumladan, Apple, Samsung, LG, HTC, Huawei, Xiaomi va boshqa ko‘plab kompaniyalar smartfonlaridan 0°S dan past harorat sharoitida foydalanmaslikni tavsiya etishmoqda, chunki bu hol qurilmaning noto‘g‘ri ishlashiga va hatto ishdan chiqishiga ham olib kelishi mumkin. Ammo Hi-Tech.Mail.Ru baribir sovuqdan qo‘rqmaydigan smartfonlarni aniqladi.

Hujjatlariga ko‘ra, bu gadjetlarni foydalanish mumkin bo‘lgan eng past harorat -10°S, bittasi esa hatto -15°S qahratonga ham bardosh bera oladi. Quyida ularning ro‘yxati va qisqacha tavsifini keltiramiz.

Sony Xperia XZ: qorga tushsayam ishlayveradi

Sony’ning bu flagmanidan, pasportida yozilishicha, hatto -10°S sovuqda ham foydalanish mumkin. U IP65/68 standarti bo‘yicha nam kirishidan himoyalangan, demak, unga qorli bo‘ron ham, qor uyumiga tushib ketishi ham shikast yetkaza olmaydi. Yangilangan «Uzluksiz yuza» oynali dizayni va Qualcomm Snapdragon 820 asosidagi baquvvat «yurak»dan tashqari, bu smartfon «o‘tkir ko‘z» – 23 megapikselli kameraga ham ega. Kamerasi lazerli avtofokusdan tashqari, prediktiv avtofokusga ham ega, ya’ni u suratga tushirilayotgan ob’yektning harakat yo‘nalishini ham oldindan aniqlay oladi; bu funksiya o‘ynayotgan bolalarni, tabiat qo‘ynidagi biror jonivorni yoki sportchilarni tasvirga olishda asqotadi. Kameraga o‘rnatilgan RGBC-IR infraqizil datchigi esa oq rangning me’yoriylashuvini yanada aniqroq chiqarib beradi. Xullasi kalom, qorbo‘ron o‘ynashga uni ham qo‘rqmasdan olib chiqishingiz mumkin.

Sony Xperia XZ haqida qisqa tavsif

  • Operatsion tizim: Android 6.0.1
  • Protsessor: Qualcomm Snapdragon 820
  • Tezkor xotira: 3 GB
  • Ichki xotira: 64 GB
  • Kamera: 23 MP
  • Ekran diagonali: 5.2″

Sony Xperia X Compact: flagman kamerali kichkintoy

Bu smartfonni ham -10°S gacha haroratda bemalol ishlatsa bo‘ladi. 4,6 dyuym ekranli va yangilangan dizaynga ega, ixcham ergonomik model. Olti yadroli Qualcomm Snapdragon 650 protsessori va 3 GB tezkor xotirasi bor. Sony Xperia XZ modelidan farqli ravishda, bu smartfonda nam kirishidan himoya funksiyasi yo‘q, shuning uchun u bilan birga qorbo‘ron o‘ynamaganingiz ma’qul.

Sony Xperia X Compact haqida qisqa tavsif

  • Operatsion tizim: Android 6.0.1
  • Protsessor: Qualcomm Snapdragon 650
  • Tezkor xotira: 3 GB
  • Ichki xotira: 32 GB
  • Kamera: 23 MP
  • Ekran diagonali: 4.6″

Moto X Force: Muz ustida tango

Uncha-munchaga sinmaydigan ekranli bu flagmanni bemalol muz ustida konki uchishga yoningizda olib borsangiz ham bo‘ladi. U chidam beradigan eng past harorat esa -10°S ni tashkil etadi. Mundayroq qor yog‘ishi ham unga zarar yetkaza olmaydi – korpusi namni o‘zidan haydaydigan qoplama bilan himoyalangan. Akkumulyatorining sig‘imi 3760 mA soat, smartfonning 48 soatlik avtonom rejimiga yetadi – bunisi ko‘pchiligimiz uchun muhim. To‘g‘ri, protsessori juda ham yangi xilidan emas – Qualcomm Snapdragon 810. Lekin bo‘laveradi, nima dedingiz?

Motorola Moto X Force 32GB haqida qisqa tavsif

  • Operatsion tizim: Android 5.1
  • Protsessor: Qualcomm Snapdragon 810
  • Tezkor xotira: 3 GB
  • Ichki xotira: 32 GB
  • Kamera: 21 MP
  • Ekran diagonali: 5.4″

Lenovo Vibe X3: melomanlar orzusi

Buni ham -10°S dan past bo‘lmagan haroratda ishlatsa bo‘ladi, yana boshqa xususiyatlari ham havas qilgulik. 1,5 Vt quvvatga va Dolby Atmos hajmdor ovozni qo‘llab-quvvatlash tizimiga ega ikkita dinamik; 32 bitli ESS ES9018K2M raqamli-analogli o‘zgartirgichi; uchta Texas Instruments OPA1612 kuchaytirgichi; Wolfson WM8281 audiokodeki. Boshqacharoq aytganda, bu smartfonda musiqani zo‘r quloqchinlar orqali tinglasa arziydi, bundayrog‘i hayf! Qolgan «temir-tersak»lari ham chakkimas: Qualcomm Snapdragon 808 protsessori, 3 GB tezkor xotira, fazali avtofokusga ega 21 megapikselli kamera esa 4K-video tasvirga olish imkoniga ega. Qisqasi, gaplashish, yozishish va internetga kirishdan tashqari, uning media funksiyalari ham, sovuqqa chidamliligi ham zo‘r!

Lenovo Vibe X3 32GB haqida qisqa tavsif

  • Operatsion tizim: Android 5.1
  • Protsessor: Qualcomm Snapdragon 808
  • Tezkor xotira: 3 GB
  • Ichki xotira: 32 GB
  • Kamera: 21 MP
  • Ekran diagonali: 5.5″

Alcatel idol 4: oyna va metall

Alcatel’ning -10°S haroratda ishlay oladigan mazkur flagmani oyna va metalldan yasalib, ilg‘or audiotexnologiyalar bilan ta’minlangan. Uning har biri 3,6 Vt quvvatga ega stereodinamiklari, Smart PA TFA9890 ovoz chipi va jamlanmaning o‘zida JBL quloqchini mavjud. 5,2 dyuymli ekrani Full HD, qurilmaning tez ishlashini esa Qualcomm Snapdragon 617 protsessori bilan 3 GB tezkor xotirasi ta’minlab beradi. Asosiy kamerasi 13, old kamerasi esa 8 megapikselli.

Alcatel OneTouch Idol 4 haqida qisqa tavsif

  • Operatsion tizim: Android 6.0
  • Protsessor: Qualcomm Snapdragon 617
  • Tezkor xotira: 3 GB
  • Ichki xotira: 16 GB
  • Kamera: 13 MP
  • Ekran diagonali: 5.2″

Meizu Pro 6: qahratonga eng bardoshli

Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, bu smartfonni hatto -15°S gacha bo‘lgan qahratonda ham qo‘rqmasdan ishlatish mumkin. Mana bunisini «morj» desa bo‘ladi! Meizu’ning boshqa smartfonlari, masalan, MX6 va U20 uchun ishlatish mumkin bo‘lgan eng past harorat -10°S ga teng. Meizu Pro 6 ning eng zo‘r tomoni –Cirrus Logic CS43L36 ovoz chipi bo‘lib, u tovushning yangrashi sifatini Hi-Fi darajasigacha ko‘tara oladi. Qurilmaning ishlash tezligi ham chakkimas: o‘n yadroli MediaTek Helio X25 hamda 3 GB tezkor xotira. 21 megapikselli asosiy kamerasi esa lazerli avtofokus bilan ta’minlangan.

Meizu Pro 6 32GB haqida qisqa tavsif

  • Operatsion tizim: Android 6.0
  • Protsessor: MediaTek Helio X25
  • Tezkor xotira: 4 GB
  • Ichki xotira: 32 GB
  • Kamera: 21.16 MP
  • Ekran diagonali: 5.2″

OnePlus 3: flagmanlar qotili

Yuqoridagi ko‘pchilik modellardagi kabi, bu smartfon ham -10°S gacha bo‘lgan sovuqdan qo‘rqmaydi. Hamma narsani birdaniga va arzonroqqa olishni istovchilar uchun zo‘r tanlov. Qualcomm Snapdragon 820 protsessori, 6 GB tezkor xotirasi, optik barqarorlashtirish funksiyasiga ega 16 megapikselli kamera, silliqqina metall korpus – bundan ortiq nima kerak, axir!?

OnePlus 3 64GB haqida qisqa tavsif

  • Operatsion tizim: Android 6.0
  • Protsessor: Qualcomm Snapdragon 820
  • Tezkor xotira: 6 GB
  • Ichki xotira: 64 GB
  • Kamera: 16 MP
  • Ekran diagonali: 5.5″

ZTE Axon 7: Hi-Fi sifatli ovoz

Hatto -10°S sovuqda ham o‘chib qolmaydigan, «qiliq qilmaydigan» flagman smartfon. Albatta, uning «yuragi» ham baquvvat – Qualcomm Snapdragon 820. Lekin bu ham asosiysi emas. Birinchidan, uning ichiga Dolby Atmos 7.1 tizimini qo‘llab-quvvatlovchi ikkita Hi-Fi-chip: AKM AK4961 va AK4490 o‘rnatilgan. Ikkinchidan, tasvirni optik barqarorlashtiruvchi 20 megapikselli kamerasi bor. Uchinchidan, 2560x1440 nuqtali ekrani 5,5 dyuym diagonal o‘lchamida bo‘lib, tabiiy ko‘rinishi bilan ko‘zni quvnatadi.

ZTE Axon 7 64GB haqida qisqa tavsif

  • Operatsion tizim: Android 6.0.1
  • Protsessor: Qualcomm Snapdragon 820
  • Tezkor xotira: 4 GB
  • Ichki xotira: 64 GB
  • Kamera: 20 MP
  • Ekran diagonali: 5.5″

Microsoft Lumia 650: sovuqqa bardoshli vinfon

Windows 10 tizimida ishlovchi bu smartfon ham -10°S sovuqda bemalol ishlashi mumkin. Unga oddiygina Qualcomm Snapdragon 212 protsessori, atigi 1 GB tezkor xotira va kamtargina 8 megapikselli kamera o‘rnatilgan. Shunga qaramay, Microsoft’ning da’vo qilishicha, u «ish uchun ham, axborot texnologiyalarini boshqarishda foydalanish uchun ham juda maqbul yechim» emish! Bu jihatlarini bilmadik-ku, lekin sovuqqa bardoshliligi bilan u mazkur ro‘yxatimizdan munosib o‘rin olgan.

Microsoft Lumia 650 haqida qisqa tavsif

  • Operatsion tizim: Windows 10 Mobile
  • Protsessor: Qualcomm Snapdragon 212
  • Tezkor xotira: 1 GB
  • Ichki xotira: 16 GB
  • Kamera: 8 MP
  • Ekran diagonali: 5″

Xo‘sh, endi bular orasidan «qishfon» tanlashga tobingiz qalay?

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!