STEER – rulda uxlab qolishning oldini oluvchi bilaguzuk! (+video)

  •   DiMaX
  •  1814
  •  25.07.2017 13:17

STEER – rulda uxlab qolishning oldini oluvchi bilaguzuk! (+video)

Har yili yo‘llarda uch yuz mingtadan oshiq avtohalokat yuz beradi, ularning aksariyatiga esa haydovchilarning charchab, rulda mudrab qolishlari sabab bo‘ladi. Shu kabi hodisalarning 25 foizida haydovchi shunchaki uxlab qoladi, bu esa fojiali oqibatlarga olib keladi. Ayni rulni boshqarishdagi uxlab qolishlar sababli yiliga o‘ttiz mingdan oshiq kishining hayoti bevaqt yakun topadi.

Shularni inobatga olib, Latviyadagi Creative Mode kompaniyasi STEER bilaguzugi loyihasini amalga oshirishga qaror qildi. Mazkur loyiha Kickstarter kraudfanding-maydonchasiga joylashtirilgan.

STEER bilaguzugi haydovchilarga charchagan vaziyatlarda mudrab qolmaslik imkonini beradi, bu esa ularning va yo‘lovchilarning hayotlarini avtohalokat xavfidan saqlashga hissa qo‘shadi.

Qurilma o‘n oltita datchik bilan ta’minlangan, ular real vaqt rejimida haydovchining yurak urishini hamda elektr o‘tkazuvchanligini monitoring qilib boradi. Haydovchining charchog‘i uning hayotiga xavf soladigan darajaga yetib borganini aniqlashi bilan aqlli bilaguzuk uning qo‘liga kuchsiz elektr razryadi yuboradi. Bu razryad kishini uyg‘otish hamda sal tetiklashtirish uchun yetarli bo‘ladi. Tok urgach, kishi tanasida serotonin, noradrenalin hamda kortizol darajasi oshadi; uyqu gormoni – melatonin darajasi esa kamayadi.

Xabarda aytilishicha, mazkur bilaguzukning yaratuvchilari uzoq muddat maxsus tadqiqot olib borib, rulda payti uxlab qolmaslik uchun haydovchilar qo‘llaydigan choralarni o‘rganib chiqishgan. Bu borada eng ommalashgan usullar – qahva, energetik ichimliklar, baland ovozli musiqa hamda chekish ekanligi aniqlangan. Ammo bulardan aksariyatining salomatlik uchun foydasidan ko‘ra zarari ko‘proq ekani ma’lum, tag‘in baribir charchoq g‘olib kelmasligiga bular yuz foiz kafolat bermaydi.

Yangi chora sifatida taklif qilinayotgan STEER bilaguzugi esa yuqorida sanab o‘tilganlarining barchasidan ko‘ra ancha samarali. Mazkur qurilma haydovchining organizmi holatini muntazam tarzda kuzatib boradi va uni uxlab qolish xavfidan muhofaza etadi. Qurilma akkumulyatorining to‘la quvvati ikki hafta foydalanishga bemalol yetadi.

STEER loyihasi Kickstarter’da allaqachon kerakli mablag‘ni to‘plab bo‘lgan va shu yilning noyabridayoq sotuvga chiqishi kutilayotir. Kraudfanding-portal foydalanuvchilari uchun uning narxi 99 AQSh dollarini tashkil etadi. Kuzda savdoga chiqarilganida esa, aqlli bilaguzukning narxi 199 dollar qilib belgilanadi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!