Talaba suv o‘tidan tabiatga zarar yetkazmaydigan idish tayyorladi

Talaba suv o‘tidan tabiatga zarar yetkazmaydigan idish tayyorladi

Islandiya san’at akademiyasi talabasi Ari Yonsson (Ari Jónsson) parchalanmasdan atrof-muhitga katta zarar yetkazayotgan plastik idishlarning ekologik toza muqobilini taklif etdi. U qayta ishlangan suv o‘simligidan tayyor idish prototipini ishlab chiqdi.

Idishdagi suyuqlik tamom bo‘lishi bilan u tezda parchalanib, tabiatga hech qanday ziyon keltirmaydi. Kashfiyotchining ma’lumotiga ko‘ra, bunday idishlarni iste’mol qilish ham mumkin. To‘g‘ri, uning o‘ziga xos ta’mi bor, axir u suv o‘simligi jelesidan tayyorlangan-da.

Bu kabi ekologik toza idishning asosida okeanlar tubida o‘sadigan qizil va qo‘ng‘irrang suv o‘simligidan olinadigan agar-agar – murakkab tuzilishga ega polisaxaridlar yotadi. U yetarli darajada pishiqligi bilan ajralib turadi. Agar-agar asosan oziq-ovqat sanoati, shuningdek, mikroorganizmlarni yetishtirish uchun qattiq ozuqa sifatida keng qo‘llaniladi. Zararsiz Ye406 ozuqaviy qo‘shimchasi marmalad, zefir, qiyom, sufle, murabbo va muzqaymoqlarga qo‘shiladi.

Ari Yonssonning kashfiyotiga ko‘ra, quruq kukun preparatini suv bilan aralashtirib, kerakli shakldagi zich va temirsifat substansiyani qo‘lga kiritish mumkin. U ichida suyuqlik bo‘lgandagina kerakli shaklda pishiq va mustahkam tura oladi. U bo‘shashi bilan deformatsiyaga uchrab, o‘z hajmini tezda kichraytiradi va bir oyga qolmasdan parchalanib ketadi.