Tangachadek muz diskka 5300 tagacha Full HD-film sig‘diradigan texnologiya topildi!

  •   DiMaX
  •  1166
  •  25.08.2017 10:09

Tangachadek muz diskka 5300 tagacha Full HD-film sig‘diradigan texnologiya topildi!

Molekulalarning o‘ta past haroratgacha sovitilganida juda katta miqdordagi ma’lumotlarni o‘ziga singdira olishini aniqlagan olimlar bir narsaga qo‘l urishdi. Ya’ni, ular muz holatidagi qattiq disklar ishlab chiqarish texnologiyasini o‘ylab topishdi, deya xabar beradi Newscientist nashri.

Yangi modda «bag‘ri keng» chiqdi

Manchester universiteti olimlari disproziy atomi hamda ikkita uglerod halqachasini o‘zaro biriktirish yordamida yangicha molekula yaratishga va uni barqaror holatga keltirishga muvaffaq bo‘lishdi. Mazkur molekulani Selsiy shkalasi bo‘yicha -213 darajagacha muzlatib, tadqiqotchilar uning magnetizmini barqarorlashtirishdi. So‘ng esa yangi moddani ma’lumotlar saqlashda qo‘llab ko‘rishdi.

Aniqlanishicha, ushbu moddadan yasalgan 10 tiyinlik tangacha hajmidagi qattiq disk o‘ttiz terabaytgacha axborotni o‘ziga sig‘dira olar ekan! Tajribada mutaxassislar unga Full HD sig‘imidagi naq 5300 ta filmni yozishdi va bu jarayon muvaffaqiyatli kechdi.

Xo‘sh, innaykeyin-chi?

Tabiiyki, mazkur texnologiyadan foydalanish uchun smartfonsozlar o‘z qurilmalariga mini-muzlatgichlar ham o‘rnatishga rozi bo‘lishmasa kerak. Biroq yirik data-markazlar uchun ushbu texnologiya juda qo‘l kelishi aniq.

Hozirda bu borada yagona muammo shundaki, molekula haroratini odatdagi – Selsiy shkalasi bo‘yicha -196°C dan -213° C gacha tushirish talab etiladi. Buning uchun esa, serverlarni sovitish maqsadida suyuq azotdan foydalanish – maqbul yechimdir.