Tanishing: Alisa – Rossiyaning ilk intellektual ovozli yordamchisi

  •   DiMaX
  •  4930
  •  10.10.2017 15:32

Tanishing: Alisa – Rossiyaning ilk intellektual ovozli yordamchisi

Yandeks kompaniyasi o‘zining intellektual ovozli yordamchisi «Alisa»ni taqdim etdi. Bu – Siri, Alexa va Cortana kabi dasturiy ta’minotlarning Rossiyada ishlab chiqarilgan birinchi analogidir.

Ishlab chiquvchining ta’kidlashicha, Alisa – oldindan belgilab qo‘yilgan javoblar to‘plami bilan cheklanmaydigan dunyodagi birinchi ovozli yordamchidir.

Alisa kishilarga kundalik masalalarni yechishlariga yordam berishga xizmat qiladi. U internetdan kerakli ma’lumotni topib beradi, kechki ovqat uchun qayerga borish ma’qulligini aytadi, ertangi ob-havo ma’lumotini yetkazadi va hokazo.

Ishlab chiquvchilarning so‘zlariga qaraganda, so‘rovlar uchun Alisaga maxsus «protokol» tili kerak emas, balki u bilan xuddi odam bilan suhbatlashgandek gaplashsa bo‘ladi. Masalan, «Kosmonavtlar ko‘chasi qahvaxona» demasdan, «Bu atrofda qayerda qahva ichsa bo‘ladi?» deysiz. Alisa darrov «Yandeks.Spravochnik»ka qaraydi va sha damda o‘sha atrofdagi qahva ichish uchun eng ma’qul joyni aytadi. «Yaxshi, u yerga qanday boraman?» desangiz, o‘sha zahotiyoq Yandeks-xaritada tayyorlangan yo‘nalish havolasini beradi.

Alisa bilan shunchaki gaplashib o‘tirish ham mumkin, uning asosida neyron tarmog‘i yotadi. U to‘liq bo‘lmagan jumlalar hamda savollarni ham anglaydi va ko‘rib chiqadi, suhbatdagi mavzuni inobatga oladi, hatto vaziyatga qarab ijod ham qiladi. Odamning nutqini anglash, ma’nolarini tushunish va ovozni yaratish uchun SpeechKit nutq texnologiyalari qo‘llanadi.

Alisa taniqli aktrisa Tatyana Shitova ovozi bilan gapiradi, bu – Rossiya kinoijarasida Skarlett Yoxanssonga ovoz berib kelayotgan san’atkordir. Jumladan, Spayk Jonz yaratgan «U» (inglizchadagi nomi – «Her») filmida bu aktrisa Samanta nomli operatsion tizimga ovoz bergan.

Alisa ovozli yordamchisi Yandeksning bir nechta servislari, jumladan – Qidiruv, Xaritalar, Musiqa va Ob-havo xizmatlari bilan integratsiyalashgan. Mazkur dasturiy ta’minotni yanada takomillashtirib, imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Jumladan, kelgusida u film tavsiya etishi, taksi chaqirib berishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, chet ishlab chiquvchilarning servislari bilan ham o‘zaro bog‘lanishlarni yo‘lga qo‘yish rejada bor, hozircha esa bu faqat ilovalarni ishga tushirish bilangina cheklangan.

Darvoqe, virtual yordamchi bilan Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham gaplashib ko‘rgan. Prezident yordamchining ishidan qoniqish hosil qilganini aytgan, faqat Alisa ozroq tortinchoqlik qilganini ta’kidlagan.

Ayni damda Alisa ovozli yordamchisi iOS va Android uchun ishlab chiqilgan Yandeks ilovalarida joriy etilgan, Windows uchun esa uning beta-talqini ishlamoqda. Tez orada u Yandeks.Brauzerda, keyin esa kompaniyaning boshqa mahsulotlarida ham paydo bo‘ladi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.