Apple do‘konlari oldida iPhone 8 uchun navbat paydo bo‘lmoqda (surat)

Apple do‘konlari oldida iPhone 8 uchun navbat paydo bo‘lmoqda (surat)

Apple korporatsiyasi yangi ilg‘or ayfonni bugun taqdim qiladi. Biroq, brendning jahondagi rasmiy Apple Store do‘konlari oldida yangi ayfon xarid qilish istagidagi odamlar allaqachon navbat qurishni boshlab yubordilar. 

Avstraliyalik jurnalist Lyuk Xoupvel o‘zining Twitter sahifasida hozircha "iPhone 8" yoki "iPhone X" deb nomlanayotgan yangi ayfonni olish istagidagi Apple'ning Sidneydagi do‘koni oldida "chayla" qurib olgan xaridorning suratini e’lon qildi.

Albatta, ko‘pchilikning fikricha, bu shunchaki muxlis bo‘lmasligi, balki ilk ayfon uchun kunlab navbatda turib so‘ng uni falon dollarga sotadigan chayqovchi bo‘lishi ham mumkin. Boisi, yangi ayfon 22 sentyabrdan sotuvga chiqariladi.

Kutilayotgan 8-avlod ayfoni 5.8 (12.7 sm) dyuymli Full HD (1080 x 1920) ekranli bo‘ladi. Apple yangi smarftonlar uchun OLED-matritsalardan foydalanadi. Bunday ekranlar kam quvvat yeyishi bilan ajralib turadi. Yangi avlod iPhone flagmanlari tezkor va simsiz quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. iPhone 8 uchun Apple A11 -- 8 yadroli kuchli platforma yaratilgan. Uning ishlash salohiyati 2.5 Ggs.ni tashkil qiladi.


Apple'ning yangi avlod gadjetining orqa panelidan vertikal holatda joylashgan qo‘sh sensorli bosh kamera joy olishi taxmin qilinmoqda. Bu kamera manzarani 10 karra raqamli yaqinlashtirish, 2 karra optik yaqinlashtirish, qiyofani tanish kabi funksiyalarga ega bo‘ladi.

Tahlilchi Ming-Chi Kuoning so‘zlariga ko‘ra, Apple'ning iPhone 8 flagmani kamida 1000 dollardan sotiladi. Boisi, unda OLED-displeylardan tashqari, qiyofani taniydigan 3D-skaner kabi qimmatbaho tarkibiy qismlardan ham foydalaniladi.