Tarmoq / tizim administratori

Tarmoq / tizim administratori

O‘tgan safargi postimning oxirida agar sizga dasturlash qiyinday tuyulsa, boshqa soha ham bor degandim. Bugun shu haqida yozmoqchiman. Bir narsani aytib o‘tishim kerak, bugun gapiradigan yo‘nalishlar men aytganchalik oson emas, lekin dasturlashdan ma’lum farqli jihatlari bor. Ularga ham to‘xtalaman oxirrog‘ida.

Bugungi kunda internet hayotimizning har bir sohasiga kirib anchagina qulayliklar yaratib beryapti. Uning hali foydalanilmagan imkoniyatlari ham talaygina. Endi savol: internet o‘zi nima, u qanday ishlaydi? Bu aslini olganda judayam murakkab savol. Bu savolga batafsil javob berishingiz uchun esa siz tarmoq administratori (network administrator) bo‘lishingiz kerak. Bu nafaqat qiziq, balki yaxshigina daromadli soha ham. Xuddi dasturlashdagi kabi, qayerga bormang, sizga doim ish topiladi, “mo‘maygina maosh” tayin. Qolaversa, buning uchun universitetni aynan shu sohada bitirib chiqishingiz shart emas. Butun dunyoga o‘zining yuqori sifatli va chidamli tarmoq qurilmalari bilan tanilgan “Cisco” korporatsiyasining dunyoning 150 dan oshiq davlatlarda o‘quv akademiyalari faoliyat yuritadi. Shular qatorida O‘zbekistonda ham: bizda eng nomdori UzSciNet qoshidagi o‘quv markazi. Bu yerda boshqa davlatlardagidan arzon narxda 5–6 oy muddatga boshlang‘ich sertifikat uchun o‘qishingiz mumkin (CCNA Switching and Routing). Bu kurs yilda 2–3 marta ochiladi, xolos. Shuning uchun agar o‘qish istagingiz bo‘lsa, qo‘ng‘iroq qilib avvaldan yozilib qo‘yishingiz yoki kompaniyaning feysbukdagi sahifasini kuzatib borishingiz kerak. Kurs yakunlangandan keyin sertifikatni olish uchun alohida imtihon topshirishingiz kerak. Qunt bilan o‘qisangiz imtihon umuman qiyinchilik tug‘dirmaydi. Ushbu sertifikatning obro‘si chet elda O‘zbekistondagidan ancha yuqoriligini ham aytib o‘tishim kerak. Keyinchalik o‘zingizning qiziqishingizga qarab yuqori darajadagi sertifikatlarni olishingiz mumkin. Mendan yana bitta tekin maslahat: Dilya opa (to‘liq ismlarini bilmayman,  chunki hamma shunaqa chaqirardi) degan o‘qituvchida o‘qing. Men o‘qiganimda 1-yarmida boshqa o‘qituvchi, 2-yarmidan Dilya opa kirgandilar. O‘qituvchida ham gap ko‘pligiga o‘shanda yana bir bor ishonchim komil bo‘lgan.

Savol: Men Avstraliyada sizdek o‘qimoqchiman. Grant yutish imkoniyati qanaqa? Qancha pul topa olaman borganimdan keyin? Qolgan qismini ishlab topa olamanmi? O‘qishga topshirayapman,  IELTS balim yaxshi. Qaysi sohani o‘rgansam borganimda Avstraliyada yaxshi pul to‘laydigan ish topa olaman?

Javob: Boshqa o‘qishlarni bilmadimu, lekin bizning o‘qishda men o‘qiyotgan sohaga topshirsangiz grant yutish imkoniyatingiz ancha baland. Agar baholaringiz va hujjatlaringiz yaxshi bo‘lsa. O‘rtacha 25%, Ko‘pi bilan 50% yutishingiz mumkin. Qolgan qismini to‘lamoqchi bo‘lsangiz, albatta,  qo‘shimcha mablag‘ kerak. Lekin tarmoq CCNA sertifikatini olib O‘zbekistonda kamida yarim yillik ish tajribasiga ega bo‘lsangiz (istalgan internet provayderda texnik bo‘lib), bu yerda

1. Siznig ish topish imkoniyatingiz ancha yuqori;

2. Grant yutish imkoniyatingiz ham ancha oshadi.

Bu faqat Avstraliyada yoki Melburn Universitetiga emas, balki istalgan boshqa rivojlangan davlatga va nufuzli universitetga taalluqli. Ushbu link orqali tarmoq administratorlarining Avstraliyadagi maoshi haqida bilib olishingiz mumkin. Bu yerda esa maosh va boshqa statistik ma’lumotlarni ham bilib olishingiz mumkin. Au.indeed.com saytida hozirdan mavjud ish o‘rinlari haqida ma’lumot olishingiz mumkin. Bu kasb bilan o‘qish va yashash xarajatlarini eplasa bo‘ladi.

Agar dasturchi bo‘lsangiz ham, albatta, sizda ancha keng imkoniyatlar mavjud lekin tarmoq administratori dastur yaratmaydi balki tayyor yaratilgan dastur va qurilmalarni soz holatda saqlashga va ulardan unumli foydalanishga javobgar. Bu xuddi buxgalterning ishiga o‘xshaydi: barcha formula va qonun-qoidalar tayyor yozilgan — siz ulardan foydalanib mijozingizning soliq va boshqa majburiyatlarini yengillatishingiz kerak. Tajribangiz oshib borgani sari bu ishlarni karra jadvaliday eplay boshlaysiz.
Agar imkoniyat va qiziqish bo‘lsa, tarmoq administratorining yoniga tizim administratorligini (System administrator) qo‘shishingiz mumkin. Bu kasb egalari server va boshqa ma’lumot markazlarini sozlash uchun javobgar bo‘ladilar va ko‘p hollarda asosiy ishlari Linux operatsion tizimi bilan ishlash bo‘ladi. Buni o‘rganishingiz uchun hech qanday kurs ham shart emas. Shunchaki kompyuteringizga Linux OS (boshlovchilar uchun Ubuntu  distributivi ancha oson va ommabop) o‘rnating. VMW yoki VirtualBox'dan foydalanib virtual tizim sifatida o‘rnatsangiz Windows ichida uni ishga tushirishingiz va qandaydir xatolik yuz berganda avvalgi holatga qaytarishingiz ancha oson — boshlovchilar uchun juda qulay. Oxir-oqibat shu ikkala sohani o‘zlashtirib,  Gollivud kinolaridagi xakerga aylanib ketishingiz ham hech gapmas).

P.S. Yuqorida bergan maslahatlarim bilan men shu yo‘ldan ketsangiz barchasi men aytganday bo‘lishiga kafolat bermayman. Oxir-oqibat hammasi o‘zingizga bog‘liq. O‘zingiz ham qo‘shimcha izlanishingizni tavsiya qilaman.

Bahriddin Abdiyev

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!