Telefonni ishlatmasdan selfi olish imkonini beruvchi ko‘zgu yaratildi

Telefonni ishlatmasdan selfi olish imkonini beruvchi ko‘zgu yaratildi

Amerikaning Smart Ltd kompaniyasi yaratgan ko‘zgu yordamida mobil telefonsiz selfi olsa bo‘ladi, deb xabar beradi The Mirror nashri.

Ixtiro namoyish etilgan videoga ko‘ra, ko‘zgu vositasida professional foto va video olish hamda uni Instagram yoki YouTubega yuklash mumkin.

Ko‘zgu yuzasining tepa qismida maxfiy kamera joylashgan. “Mo‘’jiza-ko‘zgu”da harakatni aniqlovchi datchik bo‘lib, uydagi kechayotgan holatlarni surat va videoga olib simsiz tarzda tegishli smartfonga jo‘natishi mumkin. Shuningdek, ko‘zguga karnay (kolonka) ulab musiqa eshitsa bo‘ladi.

The Mirror “mo‘’jiza-ko‘zgu” selfi-tayoqqa raqobatchi bo‘lishini ta’kidlamoqda.

Ishlab chiqaruvchining saytida mahsulotga oldindan buyurtma berish imkoni mavjud. 68,5x119,3sm o‘lchamli ko‘zgu narxi 250 dollar, 68,5x80 sm o‘lchamdagisi esa 200 dollar turadi.