Telegram o‘zi yangilanmasa ham uni yangilash yo‘llari bor

  •   DiMaX
  •  22972
  •  12.03.2018 10:48

Telegram o‘zi yangilanmasa ham uni yangilash yo‘llari bor

Agarda Android-qurilmangizda Telegram xatosiz ishlashini va uning tobora yangi qo‘shilib borayotgan funksiyalaridan foydalanishni istasangiz, u holda messenjerning yangilanishlari siz uchun muhim. Lekin ba’zan turli sabablarga ko‘ra mazkur ilova avtomatik tarzda yangilanmay qolishi mumkin. Shunda quyidagi tavsiyalarga amal qilgan holda, ikkita usuldan biri orqali uni o‘zingiz yangilasangiz ham bo‘ladi.

O‘QING: Telegram’ning o‘nta yirik kamchiligi bor, bilasizmi?

1. Google Play orqali yangilash

Har qanday dasturni yangilashning eng oson, ishonchli va sodda usuli – Google’ning rasmiy ilovalar do‘koni orqali yangilashdir. Bordiyu Telegram’ingiz o‘z-o‘zidan yangilanmayotgan bo‘lsa, internetga (yoki Wi-Fi tarmog‘iga) ulaning va Google Play ilovasini oching. Undagi Telegram ilovasi varaqasiga o‘tib, yuqori o‘ng burchagidagi – tikka joylashgan uchta nuqta shaklidagi menyu belgichasini bosing. Qalqib chiqqan oynachadagi «Avtomatik yangilash», ya’ni «Avtoobnovleniye» bandiga belgicha qo‘yib qo‘ying.


Shundan so‘ng «Yangilash» – «Obnovit» tugmachasini bosing, keyin ilova yuklanishi va o‘rnatilishini kuting. Yangilanishlar o‘rnatilib bo‘lgach, «Obnovit» o‘rniga «Ochish», ya’ni «Otkrit» tugmachasi chiqib qoladi. Agarda «Obnovit» tugmachasi bo‘lmasa, demak, Google Play sizda ilovaning so‘nggi versiyasi o‘rnatilgan, degan xulosaga kelyapti ekan.

Bir jihatni esda tuting: ba’zida yangilanishlar Google Play’ga chiqishi uchun ozroq vaqt kerak bo‘ladi. Chunki unga qo‘yilayotgan har bir ilovani va ularning yangilanishlarini e’lon qilishdan oldin, Google uning zararsiz ekanligiga ishonch hosil qilish uchun tekshiruvdan o‘tkazadi. Shu bois ayrim hollarda ilovaning ishlab chiquvchisi saytida e’lon qilinganidan bir necha soat o‘tibgina u Google Play’ga chiqariladi.

2. APK-faylidan o‘rnatish

Agarda turli sabablarga ko‘ra Google Play orqali ilovani yangilash imkoningiz bo‘lmasa, uning APK-faylini ko‘chirib olsangiz bo‘ladi. Afsuski, Telegram o‘z messenjerining so‘nggi talqinlarini APK shaklida rasman ko‘chirib olish imkonini taqdim etmaydi. Shuning uchun ham chet resurslarga tayanishga to‘g‘ri keladi. Masalan, APKMirror – ishonsa bo‘ladigan kam sonli manbalardan biri hisoblanadi, undan Telegram ilovasining o‘rnatiluvchi faylini yuklab olish uchun mana bu havola orqali o‘tishingiz mumkin.

Dastlab saytda Telegram’ning APK-faylini ko‘chirib olish sahifasiga o‘tasiz (bevosita smartfonning o‘zidan kirsangiz yanada yaxshi). U yerda ilovaning barcha talqinlarini aks ettiruvchi «Vse versii» bo‘limiga o‘tib, eng so‘nggisini tanlaysiz.

Keyin esa yana uchta qadamni amalga oshirishingiz kerak: dastlab sizga kerakli talqin yonidagi ko‘chirib olish tugmachasini bosasiz. Keyin uning aynan qaysi variantini yuklab olmoqchi ekaningizni tanlaysiz (ba’zan ular ikki yoki undan ortiq bo‘lishi mumkin). Nihoyat, APK-faylni ko‘chirib olishni anglatuvchi «Skachat APK» tugmachasini bosasiz. Ammo ehtiyot bo‘ling – ayrim hollarda reklamalar ham yuklab olish tugmachasi shaklida ko‘rinishi mumkin.

APK-faylning yuklanib bo‘lishini kutasiz (brauzeringiz ruxsat so‘rasa – tasdiqlaysiz), ko‘chirib bo‘lgach esa uni ochish uchun «Otkrit»ni bosasiz. Ilovaning yangi talqini o‘rnatiladi va ochib ishlataverasiz.

O‘QING: APK fayllarini cheklovlarsiz ko‘chirib olamiz

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.