Telegram Roskomnadzor taqiqlasa ham, ilovadan qanday foydalanish mumkinligini aytdi

Telegram Roskomnadzor taqiqlasa ham, ilovadan qanday foydalanish mumkinligini aytdi

Rossiya kommunikatsiya nazorati idorasining rahbari Aleksandr Jarov Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durovga ochiq xat yo‘llab, idoraning kompaniyadan talab qilgan so‘rovi qondirilmaydigan bo‘lsa, mamlakatning axborot tarqatish bilan bog‘liq qonunlariga bo‘ysunmagani uchun Rossiya hududida Telegram bloklab qo‘yilishini aytib po‘pisa qildi.

Jarovning so‘zlariga ko‘ra, Roskomnadzor Telegram boshqaruvini har kuni Rossiyada axborot tarqatish bilan bog‘liq tashkiliy-huquqiy asoslar va ularga amal qilish choralarini ko‘rish zarurligi to‘g‘risida ogohlantirib kelmoqda. Telegram axborot tarqatishni tashkil etuvchi sifatida zarur qoidalarga amal qilmasa, Rossiyada taqiqlanishi kerak.

“Shu sababli, men Telegram jamoasi va shaxsan Pavel Durovga oshkora murojaat qilib aytaman: Rossiya qonunlariga amal qiling!”, — deydi Jarov.

Ma’lum bo‘lishicha, Telegram xizmati oldida turgan vazifa u qadar murakkab masala emas: unga taqdim qilingan, Telegram ilovasi tegishli bo‘lgan kompaniya faoliyatiga oid so‘rovnomani to‘ldirish va axborot tarqatuvchi tashkilotchilar reyestriga kiritish uchun rasman Roskomnadzor idorasiga taqdim qilish.

Bu murojaatga nisbatan, Telegram messenjeri dasturchilari xizmat Rossiyada bloklangan taqdirda ham, undan foydalanish mumkin bo‘lishini e’lon qilishdi. Buning uchun ilovaning keyingi yangilanishida Telegram SOCKS 5 protokoli asosida proksi-serverlarni qo‘llab-quvvatlash funksiyasiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, Rossiya davlat Dumasi iyunning o‘rtasida messenjerlardan anonim foydalanishni taqiqlovchi qonun loyihasini ham bir o‘qishda qabul qilgan edi. Unga ko‘ra, aholiga xat-ma’lumot almashinish xizmatini ko‘rsatuvchi messenjer va xizmatlar anonim foydalanuvchilariga xizmat ko‘rsatishni tugatishlari lozim.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!