Telegram yangilandi: endi o‘z-o‘zidan yo‘qoluvchi foto va video yuborish mumkin

  •   DiMaX
  •  3905
  •  24.07.2017 15:52

Telegram yangilandi: endi o‘z-o‘zidan yo‘qoluvchi foto va video yuborish mumkin

Ommabop messenjerlardan biri – Telegram ilovasining so‘nggi yangilanishi chiqdi. Unda foydalanuvchilarga bir qancha imkoniyatlar taqdim etildi.

Jumladan, endi shaxsiy yozishmalarda yuborilgan faylni ma’lum bir muddatdan so‘ng yo‘qolib ketadigan qilib jo‘natish mumkin. Uning muddatini, albatta, yuboruvchi yuzerning o‘zi belgilaydi.

Taymer o‘rnatish uchun, fayl tanlash menyusida soat belgichasini bosasiz. Unda belgilangan vaqt – faylning o‘z-o‘zidan yo‘qolishigacha bo‘lgan muddat hisobi esa qabul qiluvchi shu foto yoki video faylini ochganidan boshlanadi.

Shu muddat o‘tgach, fayl butkul yo‘qolib ketadi – xuddi maxfiy chatlardagi kabi. Agarda siz yuborgan o‘z-o‘zidan yo‘qoluvchi faylni qabul qilgan suhbatdosh surat yoki lavhadan skrinshot olishga urinsa, o‘sha zahotiyoq sizga bu haqda bildirishnoma keladi.

Yangilangan Telegram 4.2 versiyasi ayrim hollarda mediafayllarning yuklanishini tezlashtiradi. Agarda siz 100 ming yoki undan oshiq obunachiga ega kanal a’zosi bo‘lsangiz, u holda Telegram mazmunni yetkazib berish tarmog‘i (CDN)dan foydalanadi. Bunday hollarda fayllar tezroq uzatiladi.

Shuningdek, Telegram’da boshqa foydalanuvchiga yuboriladigan stikerlarni saralash soddalashtirildi. Ya’ni, stikerlarni tanlash hududini to‘liq ekrangacha cho‘zish mumkin. Bulardan tashqari, kompaniya fotosuratlarni tahrirlash jihozlarini ham yaxshiladi hamda sozlamalar orqali profil tavsifini qo‘shish imkoniyatini taqdim etdi.

Aytish kerakki, yuqoridagi funksiyalarning barchasi iOS hamda Android operatsion tizim boshqaruvida ishlaydigan mobil qurilmalar uchun chiqarilgan Telegram ilovalarida amal qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yana bir ommabop messenjer – Viber’da shunga o‘xshash maxfiy xabar funksiyasi joriy etilgan edi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!