Tesla Motors asoschisining bitmas-tuganmas rejalari

Tesla Motors asoschisining bitmas-tuganmas rejalari

Bu odamni taniysizmi? Tanimasangiz, unda tanishing — Elon Mask. 45 yoshda. Injener, tadbirkor va investor. Ammo ko‘proq uni Tesla Motors elektromobil kompaniyasi egasi sifatida tanishadi. Maskni telba injener deyishadi. Yo‘q, u shou-biznesga aralashmaydi. Elon kelajakni yaratishga ishtiyoqmand. Maqolamizda Elon Maskning avvalgi, bugungi va kelajak loyihalari haqida hikoya qilamiz.

Yer qazuvchi

Keling, gapni Elon Maskning rejalaridan boshlaymiz. Tadbirkor tonnel qazishni rejalashtirmoqda.

U o‘z loyihasi to‘g‘risida “Tvitter”da “Trafikdan aqlim shoshadi. Men burg‘ilovchi mashina yasab, kavlashni boshlamoqchiman…”, deb yozdi. U bizni yo‘ldagi tiqinlardan xalos qilmoqchimi? Shu kunning o‘zidayoq ijtimoiy tarmoqda hazillashmaganligini yozdi hamda “Aslida men bu ishni bajarish taraddudidaman”, deb qo‘shib qo‘ydi.

Keyin esa kompaniyaning slogani muhokama qilindi. Kompaniya nomi to‘g‘risidagi takliflardan biri — The Boring Company (“Burg‘ilash kompaniyasi”, uni “Zerikarli kompaniya” deb ham o‘girish mumkin) bo‘lib, slogan Boring, itʼs what we do (“Burg‘ilashdir bizning ishimiz” yoki “Zerikishdir bizning ishimiz”). Elon, hatto, “Tvitter” sahifasi tavsifini ham “Tesla, SpaceX, Tunnels (yes, tunnels) & OpenAI”ga o‘zgartirdi. Ammo loyiha haqida batafsil biror narsa e’lon qilmadi. Electrek nashri yozishicha, gap Hyperloop poyezdining tonnellari haqida boryapti.

OpenAI

Mask fantast adib Ayzek Azimovning ijodidan ilhomlanganini yashirmaydi. Shuning uchun uning sun’iy idrokka doir loyihalari oldida zamon masalasi turibdi. Mask insonga hamroh sun’iy idrok yaratuvchi OpenAI nomli ochiq notijoriy kompaniyaga asos soldi. Uning ta’kidlashicha, tashkilotning ochiqligi boshqaruvning bir kishi qo‘lida to‘planishiga yo‘l qo‘ymaydi. Hozircha, OpenAI sun’iy idrok yaratish yo‘lida katta yutuqlarga erishmadi, unda o‘ntacha mutaxassis faoliyat yuritmoqda.

Hyperloop

Vakuumda harakatlanuvchi elektrli poyezd g‘oyasini Elon Mask 2012 yilda ma’lum qilgan.

AQSh hukumati Los-Anjeles va San-Fransiskoni bog‘lovchi California High-Speed Rail tezyurar temir yo‘li qurilishini loyihalashtirgan bo‘lib 2029 yilga bitishi lozim edi. Mask poyezd juda sekin harakatlanishini (soatiga 322 km) va loyiha qimmatligini (68,4 mlrd dollar) tanqid qildi va 2013 yilda taklif sifatida Hyperloop poyezdi loyihasining 58 sahifali “alfa-versiyasi”ni taqdim etdi.

Hyperloop yo‘lovchilari kapsulalar ichida o‘tiradi. Ulkan po‘lat quvur ichidagi vakuumda kapsulalar shodasi samolyotdan 2 barobar, tezyurar poyezddan 3-4 barobar tezroq harakatlanadi. Los-Anjelesdan San-Fransiskogacha bo‘lgan 561 km yo‘lni yarim soatda bosib o‘tadi. Hyperloop hukumatning California High-Speed Rail poyezdidan 10 barobar arzon, chunki quyosh energiyasidan quvvatlanadi. Qatnash intervallari qisqa.

G‘oyani amalga oshirishga ishtiyoqmandlar darrov topila qoldi. Bir guruh entuziastlar mustaqil tarzda ishga kirishib ketdi. Zum o‘tmay Hyperloop Transportation Technologies Inc (HTT) va Hyperloop Tech, keyinroq Hyperloop One (H1) deb atalgan kompaniyalar vujudga keldi. Birinchi kompaniya Kaliforniya shtatida sakkiz kilometrli trassa qurmoqchi, bundan tashqari, Bratislavani Vena va Budapesht bilan bog‘lashni maqsad qilgan. H1 esa Las-Vegasdan Tinch okeani qirg‘og‘igacha hamda Abu-Dabidan El-Ayngacha (BAA) 150 kmli vakuumli yo‘l barpo etishni rejalashtirgan. Elon Mask garchi Hyperloop loyihasida qatnashmasligini aytgan bo‘lsa-da, 2015 yilning yanvarida uning SpaceX kompaniyasi Texasda besh kilometrli trassa barpo etayotganini tan oldi.

2016 yilning may oyida Hyperloop loyihasida sezilarli qadam qo‘yildi. H1 kompaniyasi Nevadada vakuumli poyezd aravachasini sinovdan o‘tkazdi. Chiziqli elektromotor o‘rnatilgan “chana” (mualliflar aravachani shunday atadi) soatiga 168 km tezlikda harakatlandi. Bir soniyadayoq 100 km/soat tezlikka erishdi. Sinov ochiq havoda o‘tkazildi. H1 yil oxirigacha “chana”ni 1200 km/soat tezlikda haydashga va’da bergandi, biroq 2016 yil tugadi hamki, biror yangilik eshitmadik.

SpaceX

Elon Mask SpaceX kompaniyasini 2002 yilda tashkil etganiga qaramasdan 2008 yilda NASA bilan shartnoma tuzgunigacha tanilmadi. Kompaniyaning o‘z oldiga qo‘ygan vazifasi fazoga parvozlarni hammabop, uchish apparatlarini ko‘p martalik qilishdir. SpaceX bu ishning uddasidan chiqdi. Kompaniya injenerlari Falcon 1 va Falcon 9 raketa tashuvchilarini hamda Dragon fazoviy yuk kemasini yasadi.

2008 yilda SpaceX raketa tashuvchini muvaffaqiyatli uchirdi. 2010 yilda Dragon kemasi orbitaga muvaffaqiyatli olib chiqildi va yerga qaytdi. 2012 yilda Xalqaro fazoviy stansiya bilan tutashgan birinchi xususiy havo kemasi bo‘ldi. 2015 yilda SpaceX kompaniyasi Falcon 9 raketa tashuvchisining birinchi bo‘lagini yerga muvaffaqiyatli qo‘ndirdi va undan ko‘p marta foydalanish mumkinligi qisman isbotlandi. Bir yil o‘tib Falcon 9 raketa tashuvchisining birinchi bo‘lagi dengiz platformasiga beshikast qo‘ndi.

Mask uchun SpaceX fazoga hamyonbop parvozlargina emas, yangi sayyoralarni tadqiq etish imkoni hamdir. Elon Mask Mars sayyorasini o‘zlashtirishga bel bog‘lagan. Bir yil muqaddam u “qizil sayyora”ga birinchi mehmonlarni uchirishni 2020-2025 yillarga mo‘ljallaganini ma’lum qilgan.

“Asteroid yoki katta vulqon bizni yo‘q qilib yuborishi mumkin. Buning ustiga dinozavrlarning yetti uxlab tushiga kirmagan xatarlar oyog‘imiz ostida: sun’iy yaratilgan virus, fizik eksperiment natijasida tasodifan yuzaga kelgan qora tuynuk, global isish halokati yoki bugun noma’lum bo‘lgan boshqa biror buzg‘unchi texnologiya tufayli yo‘q bo‘lib ketishimiz mumkin. Insoniyat taraqqiy topishi uchun million yillar kerak bo‘ldi, biroq so‘nggi oltmish yilda atom quroli sababli odamzod o‘zini o‘zi qirib tashlashi ehtimoli tug‘ildi. Ertami-kechmi hayotimiz yashil-moviy shar doirasidan chiqishi yoki biz o‘lishimiz kerak”, deydi Mask 2015 yildagi intervyularidan birida.

Tesla Motors

Tesla Motorsning muvaffaqiyatlari haqida to‘lib-toshib hikoya qilmoqchi emasmiz. Zotan elektromobilsozlarning yangi yutug‘i haqida har hafta biror yangilikdan xabardorsiz. Ammo-lekin eng ilg‘or texnologiyalarni amalda qo‘llashiga qaramasdan har yili zarar ko‘rib ishlashidan xabardormisiz? 2015 yilda eng ko‘p 900 mln dollar yo‘qotganini bilasizmi?

Ha, katta zarar, ammo Elon Maskning kompaniyasi davlat yordamini oladi: Nevada shtati soliq imtiyozlari bergan, Kaliforniya shtati elektrokarlarni qo‘llash bo‘yicha qonunchilik doirasida 500 mln dollar ajratgan, AQShning Energetika vazirligi 465 mln dollar kredit bergan, buning ustiga ko‘plab yangi rusumlarga oldindan to‘lov amalga oshirib turiladi. Kelajakda esa Maskning ketmoni yanada balandroq uchadi: yangi prezident Tramp uni iqtisodiyot bo‘yicha maslahatchi etib tayinladi.

Ikki yildan so‘ng Tesla yiliga yarim million elektromobil chiqara boshlaydi, batareya ishlab chiqarish fabrikasi quradi, yig‘uvchi zavodlarni ko‘paytiradi va o‘z stansiyalarida bepul zaryadlashni bekor qiladi. Aftidan, Mask o‘zining eng muvaffaqiyatli loyihasidan pul ishlashni o‘shanda boshlaydi.

Solar City

Solar City kompaniyasiga 2006 yilda aka-uka Piter va Lindon Rayvlar asos solgan. Ammo biznes g‘oyani ularga amakivachchasi Mask bergan. Loyihaning dastlabki bosqichida Mask rahbarlikni qo‘liga olgan.

Kompaniya tashkil topganidan bir yil o‘tib, Kaliforniyada quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish sohasida yetakchilar qatoriga o‘tib oldi. 2009 yilda esa Solar City kompaniyasi SolSource Energy biznesini sotib oldi hamda “Tesla” rusumlari uchun elektromobillarni zaryadlash stansiyalari qurishni boshladi.

X.com

Aslida hammasi shundan boshlangan. Elon Maskning tijoriy saltanatiga birinchi g‘isht X.com loyihasida qo‘yilgan. 1996 yilda hali tanilmagan ixtirochi Zip2 kompaniyasini tashkil qildi. U yangiliklar tarqatuvchi kompaniyani dasturiy ta’minlashga ixtisoslashgandi. Kompaniyaning ishi yurishib ketdi va uch yil o‘tgach 308 mln dollarga sotildi. Savdodan tushgan mablag‘ning bir qismini Mask X.com loyihasiga sarfladi. X.com shaxsiy elektron pullarni elektron pochta orqali yuborishga ixtisoslashgan loyihadir.

2000 yilda X.com kompaniyasi PayPalning bo‘linmalaridan biri Confinity firmasi bilan birlashdi. Ko‘p o‘tmay barchasining nomi umumiy PayPalga o‘zgardi hamda 2002 yilda bir yarim milliard dollarga sotildi. 11,7 foiz aksiya egasi bo‘lgan Maskka 165 mln dollar tegdi. Bu mablag‘ fazoviy kompaniya SpaceX va elektromobilsozlik kompaniyasi Teslani tashkil etish uchun boshlang‘ich sarmoya bo‘ldi.