Texno-maslahat: Facebook sahifani vaqtincha yoki butunlay o‘chirish

Texno-maslahat: Facebook sahifani vaqtincha yoki butunlay o‘chirish

Facebook bugungi kunda sayyoramiz bo‘ylab milliardlab odamlarning faol muloqot maydonchasidan biriga aylangan. Biroq, ba’zida u bizning tushkunligimizga sabab bo‘ladi. Shu tarmoqdan qutulsak hammasi yaxshi bo‘ladiganday tuyiladi. Facebook o‘ziga tez o‘rgatib qo‘yadi hamda salmoqli vaqtimizni o‘g‘irlaydi. Hech bo‘lmasa bir muddat qulog‘imiz tinchishini xohlab, bu raqamli platformani vaqtincha tark etgimiz keladi.

Ekspertlarning fikricha, Facebook tarmog‘idan muntazam foydalanadigan va unga haddan ziyod o‘rganib qolgan odamning miyasida giyohvand moddalarga ruju qo‘ygan odamning miyasidagi kabi shakllar paydo bo‘lar ekan.

Agar siz Facebook ijtimoiy tarmog‘idan ko‘p foydalandim va endi umrimni ko‘proq real hayotga sarflashim kerak, deb hisoblasangiz, bir muddat dam oling. Bu tarmoqdagi sahifani vaqtincha yoki batamom o‘chirib tashlash mumkin.

Facebook’dagi sahifangizni vaqtinchalik o‘chirib tashlasangiz, u bir muddat boshqalarga ko‘rinmaydi, biroq Facebook’ning ma’lumotlar bazasida saqlab qo‘yiladi. Bu davrda siz haqingizdagi ma’lumotlar boshqalarga ko‘rinmaydi.

Shu bilan birga, sizning do‘stlaringizga yuborgan xatlaringiz sahifangizni o‘chirib tashlaganingizdan keyin ham ularga ko‘rinib turadi.

Shuningdek, siz yetarlicha dam olib, ruhan o‘zingizga kelsangiz va bu tarmoqdan yana foydalanish istagi tug‘ilsa, xohlagan vaqtda sahifaga avvalgiday login va maxfiy kalitni terib, uni qayta ishga tushirishingiz mumkin. Shuningdek, sahifa faoliyatini vaqtincha to‘xtatish chog‘ida uni qayta ishga tushirish vaqtini ham belgilab olish mumkin.

Sahifa faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatish uchun:

– Facebook sahifangizning o‘ng tomon burchagidagi menyuni tanlang;
– “Sozlamalar“ni tanlang;
– Chap tomon ustundagi birinchi bo‘lim — “Umumiy” (General)ni tanlang;
Sahifani boshqarish (Manage your account)ni tanlab, “Sahifa faoliyatini vaqtincha to‘xtatish” (Deactivate your account)ni tanlang va tasdiqlash jarayonlarini amalga oshiring.

Batamom o‘chirib tashlangan sahifani esa hech qachon tiklab bo‘lmaydi. Agar foydalanuvchi sahifasini butunlay o‘chirib tashlash uchun ariza bersa, bu amal bir necha kunlardan so‘ng bajariladi. Shu davr oralig‘ida foydalanuvchi o‘z sahifasiga qaytib kirsa, o‘chirib tashlash haqidagi ariza bekor qilingan hisoblanadi.

Shuningdek, sahifani butunlay o‘chirib tashlashdan avval Facebook tarmog‘ida o‘zingizning sahifangiz bilan bog‘liq ma’lumotlarning elektron nusxasini saqlab olish huquqi beriladi.

Buning uchun Facebook sahifasi>sozlamalar (Settings)> umumiy sozlamalar (General Account Settings)> ma’lumotlardan nusxa yuklab olish (Download a copy of your Facebook data)> mening arxivimni shakllantirishni boshlash (Start My Archive) amalini bajaring.

Shundan so‘ng Facebook sizdan yuklab olishni tasdiqlash uchun maxfiy kalit so‘z (parol)ni so‘raydi. Uni tasdiqlashingiz bilan barcha ma’lumotlar tarmoqda ko‘rsatilgan elektron pochtaga jo‘natiladi.

Agar siz Facebook sahifangizni o‘chirib tashlamoqchi bo‘lsangiz, bu manzilga kiring: https://www.facebook.com/help/delete_account and click on ‘Delete my account’ va “mening sahifamni o‘chirib tashlash” buyrug‘ini bering.

So‘ng Facebook sizdan maxfiy kalit so‘z va eng oxirida suratdagi kodni terishni so‘raydi.

Sizning sahifangiz va undagi ma’lumotlarni to‘liq o‘chirib tashlash uchun Facebook tarmog‘iga 90 kun kerak bo‘ladi. Bu davrda Facebook ma’lumotlaringiz jamoatchilikka ko‘rinmaydi.