Tongda zo‘rg‘a uyg‘onishdan qutqaruvchi ilova

  •   DiMaX
  •  11181
  •  30.03.2017 11:58

Tongda zo‘rg‘a uyg‘onishdan qutqaruvchi ilova

Agarda ertalablari boshingizni bir amallab ko‘tarib, yomon kayfiyat bilan uyg‘onayotgan bo‘lsangiz, hayotingizga o‘zgartirish kiritish payti kelibdi. Ishdan ta’til olish, tabiat qo‘ynida dam olishga chiqish kabilardan tashqari, smartfon ilovasi yordamida mazkur ahvolni yaxshilash imkoni ham bor. Bu – Android va iOS tizimli qurilmalar uchun ishlab chiqilgan Smart Alarm Clock dasturi bo‘lib, u sizning uyqu sikllaringizni kuzatib boradi va eng ma’qul vaqtda uyg‘otadi.

Olimlar allaqachon tajribalar orqali isbotlashgan – insoning tungi uyqusi o‘zaro almashib turuvchi bir nechta fazadan iborat. Bu fazalar uyquning chuqurligi va miyaning turli qismlarining faolligi bilan o‘zaro farqlanadi. Shu bois, tez va yengil ko‘z ochish uchun uyquning ma’lum bir fazasida uyg‘onish juda muhim.

Smart Alarm Clock uyqungizning tuzilishini tahlil qiladi, uning fazalarini aniqlaydi va sizni aynan o‘sha – uyg‘onishingiz yengil bo‘lgan eng maqbul uyqu fazasida uyg‘otadi. Buning uchun ilova o‘rnatilgan smartfoningizni tungi uyqu vaqtida yoningizga, masalan – yostig‘ingiz ostiga qo‘yib qo‘yishingiz kerak (o‘zi busiz ham ko‘pchilik shunday qilishga o‘tib olgan-ku). Qurilmangizning o‘zidagi sensorlar ilovaga uyqungizning chuqurligi va davomiyligini aniqlash uchun holatingizni kuzatib borish imkonini beradi.

Uyqu sikllarini kuzatish va oqilona uyg‘otish funksiyasidan tashqari, Smart Alarm Clock sizning uyquga ketishingizni tezlashtiruvchi (ya’ni, allalaydigan) yoqimli musiqalarga va yanada ko‘tarinki ruhda uyg‘onishingizga yordam beruvchi – tetiklashtiruvchi taronalarga ham ega.

Xurrak otadigan va hatto uyquda bosinqirab gapirib yuboradigan foydalanuvchilar uchun esa, bu ilovada tungi vaqtdagi barcha tovushlarni yozib olish funksiyasi ham mavjud. Balki, tunda gapiradigan odatingiz bo‘lib, shu paytgacha bundan o‘zingiz bexabar kelayotgandirsiz, to‘g‘rimi?

Smart Alarm Clock Android tizimining 4.0 va undan yuqori versiyalari, shuningdek, iOS 9.0 va undan keyingi versiyalari o‘rnatilgan devayslarda ishlaydi. Uning asosiy funksiyalari bepul, biroq ayrim qo‘shimcha funksiyalarini ishga tushirish uchun ilovaning to‘liq versiyasini xarid qilishga to‘g‘ri keladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!