Toshkent avtobuslari Wi-Fi internet bilan ta’minlanadi

Toshkent avtobuslari Wi-Fi internet bilan ta’minlanadi

Poytaxt avtobuslarida internet tarmog‘iga bepul ulanishni ta’minlash loyihasi 2017 yil o‘rtalarida qayta tiklanadi, dedi “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi Otabek Sodiqov.

Mazkur loyiha ilk marta o‘tgan yilning fevralida boshlangandi. 14-yo‘nalishdagi avtobuslar internet tarmog‘iga bepul ulanish imkoniyati bilan ta’minlangandi.

Kompaniya yil oxiriga qadar poytaxtdagi barcha Mercedes-Benz rusumidagi avtobuslarni bepul internet bilan jihozlashga va’da berdi. “Avtobuslarni Wi-Fi bilan ta’minlash masalasi kun tartibida turibdi. Mazkur loyihani kechiktirayotgan sabablardan biri — biz ushbu avtobuslarni ishlab chiqaruvchi Mercedes-Benz kompaniyasi bilan avtobuslarga har qanday qo‘shimcha o‘zgartirish kiritish masalasini kelishib olishimiz lozim. Hozirda ushbu jarayon davom etmoqda. Joriy yilning birinchi yarim yilligi yakuniga qadar mazkur masalani hal qilishni rejalashtirganmiz”, — dedi Otabek Sodiqov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Isuzu avtobuslari mazkur jarayonga tayyor emasligi bois hozircha faqat Mercedes-Benz avtobuslari internet bilan jihozlanadi. Bepul internet bilan jihozlangan har bir avtobus eshigiga bepul Wi-Fi mavjudligi haqidagi maxsus ma’lumotnoma o‘rnatiladi. Yo‘lovchilar mobil qurilmalari orqali tegishli tarmoq nomini ko‘rishlari va unga bepul ulanishlari mumkin bo‘ladi, deb yozadi Sof.uz.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!