Toshkentda 2030 yilgacha “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari innovatsion markazi” tashkil etiladi

Toshkentda 2030 yilgacha “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari innovatsion markazi” tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 yanvardagi “Toshkent shahrining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash, aholisining turmush darajasi va sifatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Akademiklar shaharchasida axborot texnologiyalari va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish sohasida faoliyat yuritadigan mahalliy kompaniyalarni rivojlantirish uchun zarur sharoitlarni nazarda tutuvchi erkin iqtisodiy zona maqomiga ega Innovatsion markazni tashkil etish belgilangan.

Mazkur vazifani ijro etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi va dasturiy mahsulotlar mahalliy bozorini tubdan rivojlantirish va yanada rag‘batlantirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasi ishlab chiqildi, deb yozadi Kun.uz.

Farmon loyihasida 2030 yilning 1 yanvarigacha Toshkent shahri, M.Ulug‘bek tumani, Ziyolilar ko‘chasi, 13a manzilida joylashgan Toshkent shahridagi Inxa Universitetining hududi doirasida kelgusida kengaytirish va amal qilish muddatini uzaytirish imkoniyatiga ega bo‘lgan “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari innovatsion markazi” maxsus iqtisodiy zonasini (keyingi o‘rinlarda – AKTIM MIZ) tashkil etish ko‘zda tutilgan. AKTIM MIZ faoliyat yuritishi belgilangan muddat davomida uning ishtirokchilari maxsus bojxona, valyuta va soliq rejimlaridan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

Loyihaga binoan, AKTIM MIZ ishtirokchilari, shuningdek, AKTIM MIZ doirasida amalga oshiriladigan faoliyati bo‘yicha ularning ishchilarini soliqqa tortishning soddalashtirilgan tartibi belgilanadi. Unga ko‘ra:

– AKTIM MIZ ishtirokchilari uning amal qilishi muddati davrida barcha turlari soliqlar va davlat maqsadli fondlariga majburiy to‘lovlar, shuningdek, yagona ijtimoiy to‘lovdan ozod etiladi;

– jismoniy shaxslarning daromadlarida soliq stavkasi 7,5 foiz miqdorida, fuqarolarning byudjetdan tashqari Pensiya fondiga sug‘urta badallari stavkasi esa 4,5 foiz etib belgilanadi.

Shu bilan birga, AKTIM MIZ ishtirokchilariga tovarlari (ishlar, xizmatlar) eksportidan kelgan tushumlari doirasida respublika hududida xorijiy valyutada hisob-kitoblar va to‘lovlarni amalga oshirish, jumladan, ishchilarga naqd yoki naqd pulsiz shaklda oylk maosh hamda dividendlar to‘lash huquqi taqdim etiladi.

Janubiy Koreya (Dedok Innopolis), Malayziya (Kulim Hi-Tech Park), Belorussiya (Yuksak texnologiyalar parki) va Rossiya (Innopolis) kabi davlatlarning xalqaro tajribasidan ma’lumki, ushbu sohani rivojlantirish uchun maxsus erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish yordamida qo‘shimcha qulay iqtisodiy sharoitlar ta’minlanishi zarur.

Ta’kidlash lozimki, ko‘pincha bu kabi loyihalar universitetlar yoki ilmiy markazlar yaqinida va ular bilan yaqin hamkorlikda tashkil etiladi, chunki eng yangi laboratoriyalar, yuqori malakali xodimlar, sinov bazalariga ega bo‘lish ehtiyoji mavjud. Ilmiy tarkibiy qism bilan biznes uchun mos bo‘lgan amaliy yondashuv hamda davlat tomonidan taqdim etilgan kuchli qo‘llab-quvvatlash mavjud ishlanmalarni tijoratlashtirish jarayonini ishga tushiradi va innovatsion rivojlanishni rag‘batlantiradi.