Toshkentda startaplar taqdimoti o‘tkaziladi

Toshkentda startaplar taqdimoti o‘tkaziladi

2016 yilning 26 mart kuni Toshkent shahridagi Le Grande Plaza Hotel mehmonxonasida O‘zbekiston tadbirkorlarining Business Hub birinchi ochiq maydonchasi tashkilotchilari tomonidan startap-loyihalar taqdimotlari o‘tkaziladi.

Mazkur marosimda startap mualliflari investorlar, tadbirkorlar va ishtirokchilar oldida o‘z loyihalarining taqdimotini o‘tkazishadi. Bunda startapning umumiy taqdimoti uchun 10 daqiqa vaqt ajratiladi. Uning 5 daqiqasi startap prezentatsiyasi uchun ajratilsa, qolgan 5 daqiqasi ekspert-mutaxassislarning g‘oyani rivojlantirish uchun beradigan tavsiyalari va ishtirokchilar bilan savol-javoblarga sarflanadi.

Hakamlar hay’ati tomonidan eng yaxshi deb topilgan startap uchun Qwerty kompaniya tomonidan bepul sayt (Landing Page) yaratib beriladi.

Shu bilan birgalikda, barcha startapchilar o‘z chiqishlari natijasida loyihani amalga oshirish uchun homiy-sarmoyadorlar topish, o‘z g‘oyasini investor va ekspertlarga namoyish qilish, sarmoyador va soha mutaxassislarining izohlari, tavsiyalarini tinglash imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Taqdimotlar startapni amalga oshirish uchun maslakdosh, hamfikrlar topish va jamoani shakllantirib olishlari va albatta ko‘plab bilim va tajribalarga ega bo‘lishlari ham mumkin.

Sarmoyadorlar esa startap-jamoalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish, startaplar g‘oyalari bilan tanishish, investitsiya kiritish uchun startap tanlashda ekspert va kuratorlardan kerakli tavsiya va maslahatlar olishlari mumkin.

Mazkur marosimda ishtirok etish shartlari va u haqdagi batafsil ma’lumotlarni tashkilotchilarning Facebook`dagi sahifasidan olishingiz mumkin.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.