Sukerberg bir ish ustida qo‘lga tushdi. Endi undan shu narsani butun Facebook'da joriy qilishni talab qilmoqdalar

Sukerberg bir ish ustida qo‘lga tushdi. Endi undan shu narsani butun Facebook'da joriy qilishni talab qilmoqdalar

O‘tgan bir necha hafta Facebook tarmog‘i asoschisi va rahbari Mark Sukerberg uchun juda omadsiz kechdi. Cambridge Analytica mojarosi shov-shuv bo‘lib ketgandan so‘ng Facebook millionlab odamlarning shaxsiy ma’lumotini o‘rganib borishi ma’lum bo‘lib qoldi. Facebook'ning bir qismi bo‘lmish Messenger xizmatidan foydalanuvchi ko‘plab odamlar tarmoqdagi yozishmalarini himoya qilish maqsadida o‘z akkauntlarini o‘chirib tashlay boshladi.

Kuni kecha esa Facebook egasi ayni millionlab odamlarning Messenger'dagi yozishmalari va tarmoqdagi shaxsiy ma’lumotlari xavf ostida qolayotgan bir vaqtda biror bir foydalanuvchida mavjud bo‘lmagan imkoniyatlardan bahramand bo‘lib kelayotgani ma’lum bo‘lib qoldi - Mark Sukerberg Messenger orqali yozgan xabarlarini o‘chirib tashlay olar ekan.

Kamida oltita manba TechCrunch nashriga bir vaqtlar Mark Sukerberg ularga yozgan xabarlari Messenger'dan g‘oyib bo‘lib qolgani haqida ma’lum qilgan. Ushbu xabarlar bu shaxslarga 2010 yilda Sukerberg tomonidan yozilgan bo‘lgan.

TechCrunch nashri ushbu holat yuzasidan Facebook'ga izoh so‘rab murojaat qilganda quyidagicha javob olgan:

«2014 yilda Sony Pictures kompaniyasining elektron pochtasi xakerlar tomonidan buzilgandan so‘ng biz rahbarlarimiz yozishmalarini himoya qilish darajasini oshirishga majbur bo‘ldik. Shu sababdan Mark Sukerbergning Messenger'dagi korporatsiya xavfsizligi doir ayrim yozishmalari o‘chirib yuborildi. Bu ish korporatsiya sirini saqlash yo‘lidagi qonuniy majburiyatlarimiz doirasida amalga oshirildi.»

Facebook bergan rasmiy ma’lumotdan anglanishilicha, kompaniyaning yuqori martabali rahbarlari Messenger'da orqali jo‘natilgan o‘z xabarlarini o‘chirish imkoniga ega. Ayni vaqtda ushbu messenjer xizmatining oddiy foydalanuvchilari bunday imkoniyatdan foydalana olmaydilar.

TechCrunch tomonidan ayni xabar tarqatilgandan keyin ko‘plab nashrlar va foydalanuvchilar shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligini saqlash maqsadida Facebook'dan Messenger orqali yuborilgan xabarlarni o‘chirib tashlash funksiyasini joriy qilish haqida talab qila boshladilar (Ayni imkoniyatni Telegram tarmog‘ida ko‘rish mumkin).

Shundan so‘ng Facebook bayonot bilan chiqib, kompaniya xodimlari uzoq vaqtdan beri bunday funksiyani butun tarmoq doirasida ishga tushirish ustida ishlayotgani haqida ma’lum qildi:

«Biz Messenger orqali yuborilgan xabarlarni o‘chirib tashlash imkoniyatini joriy qilish masalasini bir necha muhokama qilganmiz. Ayni vaqtda Messenger'ning shifrlangan talqinida maxfiy muloqot orqali yuborilgan xabarni o‘chirib yuborish vaqtini belgilash (taymer) imkoniyati mavjud. Biz butun tarmoq bo‘ylab yuborilgan xabarlarni o‘chirib tashlash imkoniyatini tez orada joriy qilamiz.»

Ayni vaqtda Messenger xizmatidan 1,3 milliard odam foydalanadi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.