Twitter 140 belgili cheklovni olib tashladi

Twitter 140 belgili cheklovni olib tashladi

Shu yilning sentyabrida Twitter tarmog‘ida 280 belgidan iborat tvitlarni qoldirish imkoniyati sinovdan o‘tkazila boshlangan edi. Endi mazkur funksiya rasman ishga tushirildi hamda barcha foydalanuvchilar uchun ochiq deb e’lon qilindi. Bu to‘g‘rida ijtimoiy tarmoqning vakili Aliza Rozen ma’lum qildi.

«Twitter tarmog‘i foydalanuvchilari matndagi belgilar sonining cheklangani bois o‘z tvitlarini tahrir qilib, qisqartirib, ba’zida esa matn o‘rniga skrinshotlar tashlashga, hatto fikrlarini to‘liq ifodalay olmasdan, ularni nashr qilishdan voz kechishga majbur bo‘lar edilar. Biz bu cheklovni olib tashlab, belgilar sonini kengaytirishga qaror qildik. Natijada, endi tarmoq foydalanuvchilarimiz hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirishiga, fikrlarini erkin ifoda etishlariga shubhamiz yo‘q», – deydi Rozen.

Aytish joizki, belgilarning kengaytirilishi hozircha saytda hamda xizmatning rasmiy ilovasida amalga oshirilgan. Uchinchi tomon dasturchilar ishlab chiqargan tvitter-ilovalardan foydalanuvchilar esa bu imkoniyatdan foydalana olishmaydi.

Shuningdek, Rozen konservativ foydalanuvchilardan yangiliklar tasmalarining uzundan-uzoq matnlarga to‘lib ketishidan qayg‘urmaslikni so‘radi.

«Biz bu tizimni uzoq muddat sinovdan o‘tkazdik hamda bor-yo‘g‘i 9% blogerlar 140 belgili cheklovdan oshib ketishlariga guvoh bo‘ldik», – qo‘shimcha qiladi Aliza.

Bu yil Twitter tarmog‘ida katta o‘zgarishlar yuz bermoqda, unda yangi funksiyalar yuzaga kelmoqda. Misol uchun, o‘tgan oyda tvitlarni saqlab qo‘yish xizmati ishga tushirilgan edi. Shuningdek, real vaqt rejimida so‘nggi voqea va yangiliklar bilan tanishib borish imkoniyati ham muhim o‘zgarish bo‘ldi.