U qaytdi! Meizu kompaniyasi rasman o'zining yangi flagmanlarini taqdim qildi!

U qaytdi! Meizu kompaniyasi rasman o'zining yangi flagmanlarini taqdim qildi!

Orada bir yillik tanaffusdan so'ng Meizu o'zining yigirma yillik yubileyida yangi logotip bilan yana telefonlar biznesiga qaytdi. Kompaniya o'zining Meizu 18 seriyasidagi smartfonlaridan keyin Meizu 19 qatorini o'tkazib yubordi va kecha Meizu 20 smartfonlarini rasman taqdim qildi.

Meizu 20 seriyasi, ma'lum bo'lishicha, uchta modelni o'z ichiga oladi: Meizu 20, Meizu 20 Pro va Meizu 20 Infinity. Qatordagi boshlang'ich model, 6.55 dyuymli OLED ekranga ega va u FHD+ rezolyutsiyasida bo'lib, 144 gerts yangilanish tezligini qo'llab-quvvatlaydi.

Meizu 20

Pro model esa 1368×3192 (2K+) piksellar o'lchami, 1-120 gerts yangilanish tezligi, hamda, HDR10+ qo'llab-quvvatlanishiga ega bo'lgan 6.81 dyuymli LTPO OLED displey bilan jihozlangan va u 1800 nit maksimal yorug'likka chiqa oladi. Infinity versiyasiga kelsak, uning 6.79 dyuymli ekrani Pro modelniki kabi xususiyatlarga ega faqat u to'rt tomondan ingichkaroq, 2.48 mm qalin ramkali ekran bilan ta'minlangan. Uchchala modellarning ham ekrani ostida ultrasonik barmoq izi skaneri mavjud, shu bilan birga, ularning ekran yuqori markazida joylashgan selfi kameralari ham bir xil, 32 MP.

Meizu 20 Pro

Meizu 20 Pro orqa tomonida uchta 50 megapikselli kameralar tizimiga ega – asosiy, ultra-keng va telefoto linzalar. Infinity modelining ham asosiy kamerasi 50 MP, lekin qolgan ultra-keng va telefoto sensorlar 12 MP. Oddiy modelning asosiy kamerasi sifatida esa Samsung kompaniyasining 50 megapikselli GN5 sensori o'rnatilgan. Qolganlari esa 16 MP ultra-keng va 5 MP qo'shimcha kameralardir.

Meizu 20 Infinity

Meizu 20 ning uchlik kameralari joylashuvi bir qarashda Galaxy S23 smartfonini eslatib yuboradi, lekin siz bu Meizu 20 ekanligini uning uchinchi kamerasi atrofini o'rab turgan halqa, ya'ni LED chirog'idan bilib olishingiz mumkin. Bu halqa Meizu 20 Pro modelida alohida orolda turadi. Infinity modelda esa u halqa emas va uni joylashgan kamera oroli ham bo'rtib chiqmagan.

Meizu o'zining uchchov yangi smartfonini ham Qualcomm'ning Snapdragon 8 Gen 2 chipseti bilan ta'minlagan. Shuningdek, qurilmalar LPDDR5X va UFS 4.0 xotira texnologiyalarida Android 13 ga asoslangan Flyme 10 operatsion tizimida ishlaydi.

Batareyaga kelganda biz yana smartfonlar o'rtasidagi farqni ko'rishimiz mumkin. Meizu 20 modeli 4700 mA/soat batareyaga ega va u 67 Vt tezlikda quvvatlanadi (45 daqiqada 100% bo'lishi va'da qilinmoqda). Meizu 20 Infinity esa 4800 mA/soat batareya bilan 65 Vt simli va 50 Vt simsiz zaryadlanish qo'llab-quvvatlanishi bilan keladi.

Qatordagi eng katta batareyaga ega smartfon Pro model bo'lib, u 5000 mA/soat quvvat kuchiga ega va uni 80 Vt tezlikda simli (39 daqiqada 100%), hamda, 50 Vt tezlikda simsiz (52 daqiqada 100%) zaryadlash mumkin.

Meizu 20 Pro

Aloqa va ulanish borasida esa smartfonlar ikkilik 5G va Wi-Fi 7 texnologiyalarini qo'llab-quvvatlaydi.

Narxlar quyidagicha:

  Meizu 20 Meizu 20 Pro Meizu 20 Infinity
Ranglari qora, sariq, pushti, yashil qora, oq, tilla qora, oq, yashil
12/128 GB 2999 yuan (≈438 dollar) 3999 yuan (≈584 dollar)  
12/256 GB 3399 yuan (≈496 dollar) 4399 yuan (≈642 dollar) 6299 yuan (≈919 dollar)
12/512 GB 3799 yuan (≈554 dollar) 4799 yuan (≈700 dollar) 7299 yuan (≈1065 dollar)
16 GB/1 TB     8499 yuan (≈1241 dollar)

Meizu 20 smartfonlari sotuvi Xitoyda 3-apreldan boshlanadi.