O‘yinqaroq rus blogerining “sho‘riga sho‘rva to‘kildi”

O‘yinqaroq rus blogerining “sho‘riga sho‘rva to‘kildi”

Rossiyalik bloger Ruslan Sokolovskiyning xristian ibodatxonasida Pokemon Go o‘yinini o‘ynagan jarayoniga oid videolar internet tarmog‘ida tarqalib ketgach, u 2016 yilning sentyabr oyida hibsga olingan edi.

Videologer Rossiya qonunchiligining vijdon va diniy e’tiqod huquqining poymol qilinishi, jo‘rtaga adovat uyg‘otish yoki inson qadr-qimmatini yerga urish bilan bog‘liq qonun me’yorlarini buzishda ayblanmoqda.

Olib borilgan surishtiruv va tergov natijalari bo‘yicha Yekaterinburg Oliy sudi blogerni dindorlar e’tiqodiga nisbatan jo‘rtaga haqorat qilishda aybdor deb topdi.

Sudyaning qayd etishicha, ashyoviy dalil sifatida taqdim qilingan 9 ta videorolikda din va millatga nisbatan amalga oshirilgan isnodga guvoh bo‘lish mumkin.

Ayblovga ko‘ra, yekaterinburglik 21 yoshli blogerni umumiy rejimli koloniyada 3,5 yilga ozodlikdan mahrum qilish qayd qilingan.

Shuningdek, Ruslan Rossiya Federatsiyasining “Jinoyat kodeksi”ga zid ravishda. taqiqlangan axborot tashuvchi vosita, ya’ni videokamerali ruchkani uyida saqlagani uchun ham 4 yillik qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin edi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!