UMIDIGI S2 — arzonchilik qarshisida Galaxy S8 “damini olsin”!

UMIDIGI S2 — arzonchilik qarshisida Galaxy S8 “damini olsin”!

Kirish ...

UMIDIGI S2 — bugun yaxshi smartfonlar toifasiga kiruvchi va aynan ana shu bozorda aqlbovar qilmas narxga baholangan munosib smartfon. Hamyonbop bu devays dizayni juda jozibador va kuch-quvvatining imkoniyatlari ham yuqori.

2017 yilga xos tarzda romsiz va shishador qilib ishlangan mazkur mobil aloqa vositasi trendbop ko‘rinishda. Smartfon ekrani cho‘zilib, yuqori va quyi romlar ancha qisqargan. 18 : 9 o‘lchamli displeyi bilan bu xitoylik arzon telefon modeli Samsung va LG flagmanlarini eslatib yuboradi. Quyida UMIDIGI S2 mobil aloqa vositasini yaqindan o‘rganamiz.

Umuman olganda, smartfon samaradorligi ko‘ngilni shod qilar darajada va turli benchmarklardagi natijalar ham bu fikrimizni isbot qiladi.

Qadoqni ochamiz ... dizayn hamda foydalanishga qulaylik

Smartfon odatda qora, unchalik katta bo‘lmagan qadoqda yetkazib beriladi. Qadoq dizayni sodda uslubda. Qadoqda USB Type-C uchun maxsus kabellar, g‘ilof hamda quvvatlash qurilmasi mavjud.

Smartfonni qo‘lga olguningizga qadar buyurtma sizning ko‘zingizga oddiy bo‘lib tuyiladi. Telefonni qo‘lga olar ekansiz, yaxshi smartfonni ham arzonga xarid qilish mumkin ekaniga ishonasiz. UMIDIGI S2'ning "istarasi" sizni maftun qiladi.

UMIDIGI S2 bir qarashda taassurotli tashqi ko‘rinishi bilan ko‘zni band qilib qo‘yadi. Shu bilan birga, qo‘lga olar ekansiz, smartfonning nafisligini his qilasiz. Texnik imkoniyatlari ham yomon emas. Harqalay, bu narx uchun yaxshi va injiq foydalanuvchining ham ko‘nglini chog‘ qiladi.

Bu telefon to‘liq pishiq metall korpusdan tashkil topgan. Orqa panelda kichik plastik uloqlarga duch kelasiz, biroq ular u qadar ham sezilarli emas.

Orqa panelda, shuningdek bosh kameraning qo‘sh sensorli modullari mavjud. Shu bilan birga, bu yerda fotochaqnoq hamda barmoq izi skaneri ham mavjud. Bularning barchasi bir qatorda tizilgan. Barmoq izi skaneri smartfon markazida mahorat bilan joylashtirilgan. Natijada, ko‘rsatkich barmoq sensorga bexato uriladi.

Displey tomonlarining nisbati 18 : 9 standartli hamda tomonlari bir oz yassi uslubda ishlangan. Ekran ustida va uning quyisidagi bo‘shliq ancha toraygani bois, UMIDIGI S2 noodatiy ko‘rinishda va hashamdor. Uni bekorga "Samsung S8 kushandasi" deyishmagan. Yon tomondagi romlarga diqqatni qaratmasak, bu o‘xshatish ham o‘zini oqlaydi.

UMIDIGI S2 telefonining o‘ng yonidan ovozni boshqarish uchun uzunchoq tugma hamda o‘chirib, yoqish uchun tugmacha o‘rin egallagan. Ularning o‘rnashuvi mustahkam va bosganda pishiqligini his qilish mumkin. Sim-karta bo‘lmachasi korpusning chap yonida joylashgan. 2 ta sim-karta bo‘lmachalaridan biriga qo‘shimcha xotira kartasini o‘rnatish ham mumkin.

Telefon apparatining quyi qismida mikrofon, ovoz dinamigi  hamda USB Type-C (zo‘r yechim!) kabeli uchun port mavjud. Audio quloqchinlar uchun alohida, an’anaviy tuynukdan voz kechilgan. Buning uchun esa maxsus kabel sovg‘aga berilgan. Shu bois, smartfonning tom qismi tep-tekis.

UMIDIGI S2 telefonining shaklu-shamoyili qayrilma dizaynda bo‘lgani tufayli u kaftga qulay o‘rnashib oladi. Agar unga qadoqdagi bir oz g‘adir-budir g‘ilofni kiydirsangiz bormi, smartfon kaftingizga yopishib oladi. Ya’ni, UMIDIGI S2 smarfonidan maza qilib foydalanish mumkin.

Ekran hamda ovoz imkoniyatlari

UMIDIGI S2 uchun tanlangan ekran sifatli hamda taniqli yapon kompaniyasi bo‘lmish Sharp tomonidan ishlab chiqarilgan. “Yapon sifati” esa doimo o‘zini oqlab kelgan! Displey diagonali 6 dyuymli, piksel sig‘imi 1440 × 720 belgiga teng.

Bu o‘rinda "Full HD" ishqibozlari bir oz ranjishlari mumkin. Biroq, smartfondan foydalanganda uning ekranida biror bir piksel yoki tasvirdagi donadorlik va jimirlashlarni payqamaysiz. Tasvir yorqin va ko‘zni quvontiradigan darajada sifatli.

Ekran TDDI texnologiyasi asosida ishlab chiqarilgan. Sensorli qatlam to‘g‘ridan to‘g‘ri shishaga yotqizilgan. Natijada displey sezilarli darajada yupqalashgan.

Rang-tasvirning tusi hamda qarama-qarshiligi yuqori bo‘lgani bois, tasvir ekranda juda yaxshgi aks etadi hamda oq tus balansi ham me’yorida. Ekrandagi yorug‘lik darajasi ham joyida. Ekran masalasida juda talabchan bo‘lsangiz, buning uchun MiraVision deb nomlanuvchi ekranni sozlaydigan funksiya mavjud.

Smartfonning ovoz dinamigi yuqori va sifatli. Shunday ekan, qo‘ng‘iroqlarni va ogohlantirish tovushlarini o‘tkazib yubormaysiz. Dinamik yordamida sevimli musiqalarni ham huzurlanib tinglash mumkin.

Audio quloqchinda musiqa tinglovchilar uchun ham aytish kerakki, smartfonning bu boradagi imkoniyatlari yaxshi.

Samaradorlik va boshqaruv

UMIDIGI S2 modeli platformasi Helio P20 chipsetiga markazlashtirilgan. Bugungi kunda bu chipdan o‘rta narxli ko‘plab smartfonlarda foydalaniladi.

MediaTek Helio P20 platformasi bugungi kun uchun yangilik emas. Bu protsessor vazifalarini sidqidildan ado qiladi. Sakkiz yadroli protsessorning chastota tezligi 2,3 GGs.gacha yetadi. Bu samaradorlik bilan hattoki eng og‘ir ilovalar ham oson ishga tushadi.

Mazkur chipsetni tayyorlash jarayonida bosh e’tibor quvvat tejamkorligiga qaratilgan. Natijada, elektr toki sig‘imi 5 100 mA•soat bo‘lgan batareyaning quvvatdorligi yanada oshib, telefon to‘liq quvvat bilan anchaga yetadi.

Protsessor barcha funksiyalarni qiynalmay uddalaydi. Shu bilan birga, operatsion tizim boshqaruvida ham biror nosozlik yoki "qotib qolishlar"ga duch kelmaysiz.

Smartfonda 4 gigabaytli tezkor xotiradan foydalanilgan. Bu -- tezkor xotira uchun ayni kerak va yetarli bo‘lgan sig‘im. Bundan oshig‘i shunchaki xaridor ko‘zini shamg‘alat qilishni istagan marketing aldovi. Doimiy ichki xotira sig‘imi esa 64 gigabaytli. Ma’lumotlarni saqlash bilan biror muammo mavjud emas.

UMIDIGI S2 samaradorlik bo‘yicha testlarda o‘zini ko‘rsata olgan va bu borada biror muammo yo‘q.

UMIDIGI S2 qadoqda Android 6.0.1 operatsion tizimi bilan yetkazib berilsa ham, ayni paytda Android 7.0 Nougat'ning kompaniya tomonidan o‘zlashtirilgan UMI OS tizimini yangilab olish mumkin. Foydalanish chog‘ida ilovalarning o‘chib qolishi yoki tizimning “otib yuborishi” ko‘zga tashlanmaydi.

 

Kuch-quvvat imkoniyatlari

Odatda yirik batareyali smartfonlar bahaybat va beso‘naqay bo‘lishadi. UMIDIGI S2 bu qarashni o‘zgartirib yubordi. Kompaniya muhandislari yirik sig‘imli akkumulyator va taassurotli qiyofani  uyg‘unlashtirgan smarfonni tayyorlashga erishganlar.

Aniqrog‘i, bu devaysdagi akkumulyator quvvati 5 100 mA·soat. Korpus qalinligi esa 9 mm. Hashamdor dizayn va uzoqqa yetadigan quvvat ko‘pchilikning orzusi bo‘lsa kerak!

PCMark Work 2.0 Battery Life, ya’ni smartfonlarning quvvat samaradorligini baholaydigan imtihonda UMIDIGI S2 to‘liq quvvat bilan 15 soat va 42 minut faoliyat ko‘rsatgan. Bu -- qoyilmaqom natija!

Taqqoslash uchun aytamiz, quvvat borasida bu smartfonga raqib bo‘lgan Xiaomi Mi Max ham xuddi shunday natijani qayd etgan. Shu bilan birga, Xiaomi devaysi ancha qimmatroq.

Aytish mumkinki, UMIDIGI S2 modelini bir marta quvvatlab 2 kun bemalol foydalanish mumkin. Agar quvvatni tejaydigan ilovalardan foydalanilsa hamda maslahatlarga quloq tutilsa, to‘liq quvvat uch kunga yetishi aniq!

 

Kamera

Xitoyning o‘rta narxli smartfonlarining kameralari hammasi bir xil suratga oladi. Arzon matritsa hamda dasturiy ta’minot bois shunday holat yuzaga keladi.

UMIDIGI S2 bosh kamerasi qo‘sh sensorli hamda modullar sifatli bo‘lsa ham, kameraning suratga olishi yuqori darajali emas. Biroq, narxni eslatib qo‘yib, kameraning narxiga qaraganda yaxshi suratga olishini eslatib qo‘yish joiz.

Yorug‘lik yaxshi bo‘lsa, surat olishda muammo yuzaga tashlanmaydi. Kechga tomon esa kamera ham o‘zidan qayurib qoladi.

Quyidagi suratlarga ko‘ra, kamera imkoniyatlariga o‘zingiz baho bering.

Xulosa yasaymiz ...

UMIDIGI S2 — munosib smartfon. Diqqatni tortadigan dizayn, sifatli va katta ekrani, pishiq-puxta metall korpusi, samarali chipseti hamda zamonaviy operatsion tizimi bilan o‘ziga xos. Ayniqsa, uzoqqa yetadigan quvvati kutilmagan voqea!

Bu modeldagi birgina kamchilik sifatida aytish mumkinki, kamera — bu hashamdor smartfonning nozik nuqtasi. Biroq, bu yerda gap apparat ta’minoti bilan bog‘liq emas. Kamera imkoniyati hozircha dasturiy ta’minotga daxldor. Ya’ni, kompaniya ilovani takomillashtirsa, kamera imkoniyati ham oshadi.

Maxsus taklif!

Agar sizda mazkur modelni xarid qilish istagi tug‘ilgan bo‘lsa, bu borada Terabayt.uz sizga yordam beradi. AliExpress’dagi tovarlarga «Terabayt.uz» orqali buyurtma bering!

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

Aliexpress 199 АҚШ доллари Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi