UMS: Mijozlar hisobidagi mablag‘lar noo‘rin sarflanishi ularning e’tiborsizligi tufayli yuzaga keladi

UMS: Mijozlar hisobidagi mablag‘lar noo‘rin sarflanishi ularning e’tiborsizligi tufayli yuzaga keladi

Xalqaro press klubda informatsion texnologiyalar va kommunikatsiyalar vakillari ishtirokida «O‘zbekistonda mobil aloqa: muammolar va yechimlar» mavzusida o‘tgan anjumanda UMS kompaniyasi bosh direktori Sirojiddin Faxruddinov kompaniya borasidagi ayrim savollarga javob berib o‘tdi, deya xabar qilmoqda Kun.uz.

MTS kompaniyasi yopilib, o‘rnida UMS operatori paydo bo‘lgani, mijozlar soni haqidagi savolga to‘xtalar ekan, S.Faxruddinov shunday dedi:

— Biz 2014 yili mutlaqo yangidan ish boshladik. Ayni paytda 2,5 million abonentimiz bor. To‘g‘risi, shuncha mijozni yig‘ishning o‘zi ham oson bo‘lgani yo‘q. Uzdunrobita vaqtida kompaniyaga ulangan 10 million atrofidagi abonentlar boshqa kompaniyalarga o‘tib ketgan.

Hozir turli bonuslar, yangi tariflar, hududlarga qarab imtiyozli tariflar joriy etish yo‘li bilan mijozlarni kompaniyaga qaytarish uchun kurashmoqdamiz.

Baza stansiyalarining o‘rnatilishi va ular yuzasidan tushayotgan shikoyatlar bo‘yicha S.Faxruddinov shunday tushuntirish berdi: 

— Shaharlarning bosh rejalari o‘zgarmoqda. Bunday vaqtlarda o‘z-o‘zidan binolarga o‘rnatilgan stansiyalarni olishga majburmiz. Lekin mahalliy hokimiyat organlari tomonidan turli sub’yektiv vaj-korsonlar bilan ham shikoyatlar bilan oldirib tashlashga urinish bo‘layotgani ham juda tashvishlanarlidir.

Bitta baza stansiyasini o‘rnatish kompaniyaga 120–180 million so‘mga tushadi. Buni o‘rnatish uchun 9–12 oy chopib, yugurib, ruxsat olish kerak. O‘rnatish ishlari ham vaqtni oladi. Endi o‘shani buzishga 15–20 million so‘m mablag‘ sarflanibgina qolmasdan, boshqa joyga ko‘chirishga yana o‘sha yuqorida aytib o‘tilgan summa sarflanadi — boshqatdan xarajat qilinadi. Axir barcha sanitariya normalariga rioya qilinib, tekshirilib o‘rnatiladi barchasi.

Bazaviy stansiyaning ko‘chirilishi avvalo o‘sha hududda aloqa sifatiga salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkinligini ham e’tibordan qochirmaslik kerak.

Biz bog‘cha, maktab, kasalxonalarga uch tomonlama shartnoma imzolab, ijara asosida antennalar o‘rnatganmiz. 1 kv.m uchun oyiga 32-36 ming so‘m ijara haqi to‘laymiz, boshqa koeffitsiyentlar bilan yiliga 15 milliongacha boradi. O‘sha binoni ta’mirlashda yordam ko‘rsatamiz.

Biz baza stansiyalarining maqomini yuridik jihatdan kelishib olishimiz lozim bo‘lmoqda. Sub’yektiv sabablar bilan baza stansiyalarining olib tashlanishiga chek qo‘yish kerak.

Telefon hisob raqamlaridan abonent to‘lovlarining asossiz yechib olinishi haqidagi savollarga to‘xtalar ekan, UMS rahbari shunday dedi:

— Ko‘pincha oydan oyga o‘tish jarayonida shunday holatlar kuzatiladi. Ma’lum bir xizmatlar uchun ham u oyga, ham bu oyga to‘lov yechilib olishi borasida xatolik yuz beradi — ruschasiga aytganda «dvoynoye spisaniye» ro‘y beradi. Biz murojaatlar asosida buni qayta ko‘rib chiqib, pulni egasiga qaytaramiz.

Lekin debitorlik qarzlarimiz ham ko‘pligini aytib o‘tib ketishim kerak. Kredit liniyamiz bor, odamlarga aloqadan uzilib qolmasligi uchun vaqtinchalik qarz berib turamiz. Odamlar sim kartani oladi, kompaniyadan mablag‘ qarz olib gaplashadi, so‘ngra sim kartani otib yuboradi. Ayni paytda debitor qarzlarimiz 6–7 milliard so‘mning orasida.

So‘ngra abonentlarning xizmatlardan noto‘g‘ri foydalanishi oqibatida tushunmovchilik vaziyatlari yuzaga keladi. Men kompaniyaga rahbar bo‘lganimga 6 oy bo‘ldi. Shunday vaziyatlarni o‘rganib chiqqanman. Ko‘p uzoqqa bormay, o‘zimning o‘rtog‘im «50 ming so‘m tashlagandim, telefonda mutlaqo kam gaplashaman, pulim to‘satdan tugab qoldi», dedi. Men ataylab o‘rganib chiqdim. Ma’lumotlarni ko‘tartirdim. Pulning katta qismi internetga, mobil ilovalarni ishlatishga, apparat dasturiy ta’minoti yangilanishiga ketgan. Nevaralari uning telefonidan kirib, internetga ulangan o‘yinlarni o‘ynashgan.

Bizda billing tizimda bu narsalarning hammasi to‘liq avtomatlashtirilgan, kompyuterlashtirilgan. Inson omili yo‘q. Billing tizimimiz kichkina bir kompyuter emas, butun bir majmua hisoblanadi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.