Urganchda taksi xizmati uchun elektron haq to‘lash tizimi sinovdan o‘tkazilmoqda

Urganchda taksi xizmati uchun elektron haq to‘lash tizimi sinovdan o‘tkazilmoqda

Urganchda yo‘nalishli taksi xizmati uchun elektron haq to‘lash tizimi sinovdan o‘tkazilmoqda. Dastur haydovchining mobil telefoniga o‘rnatilib, mijozning kartasidan simsiz aloqa vositasida pul yechib oladi. Bu haqda Daryo.uz yozmoqda.

Sunday Taxi kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan maxsus dastur 5 apreldan buyon Muso Auto taksoparki avtomobillarida sinovdan o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, haq to‘lash uchun simli aloqa talab etilmaydi. Mijoz plastik kartasini haydovchining telefoniga yaqinlashtiradi, u esa, o‘z navbatida, tarif asosida to‘lov miqdorini aniqlaydi va tegishli tugmani bosadi. 5–6 sekund ichida mablag‘ korxona hisobiga kelib tushadi, haydovchining mobil telefoniga esa SMS-xabarnoma kelib tushadi.

Shuningdek, dastur haydovchi tomonidan ko‘rsatilgan xizmat uchun to‘lovlarni umumiy hisoblab, ish samaradorligini aniqlash va ish haqini belgilash jarayonlarini yengillashtiradi.

Ayni paytda kompaniya bunday to‘lovlarni amalga oshirishga qaratilgan maxsus QR-kod o‘rnatmoqda.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.