“UZ” hududidagi domenlar soni 25,2 mingdan oshdi

“UZ” hududidagi domenlar soni 25,2 mingdan oshdi

Joriy yilning 20 yanvar kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2015 yildagi faoliyati sarhisobi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning bugungi holati, istiqboldagi vazifalar va loyihalar muhokamasiga bag‘ishlangan Hay’at majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda ta’kidlanishicha, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish tizimida faoliyat olib borayotgan korxonalar tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 15,4 % foizga, jumladan, aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 24,7 % foizga o‘sgan. Kompyuter dasturlari bilan bog‘liq xizmatlar 13,4% foizga oshgan. Qolaversa, yuqori tezlikka ega internet tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida mamlakatimiz bo‘ylab 1800 km.dan ziyod optik aloqa liniyalari yotqizilgan. Toshkent va Buxoro bog‘lamalari o‘rtasida 100 Gbit/s.ga teng DWDM texnologiyali aloqa kanali faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, magistral telekommunikatsiya tarmoqlari o‘tkazuvchanligini oshirish loyihasi natijasida ma’lumotlar almashish tezligi xalqaro yo‘nalishda 10 barobarga, har bir viloyat markazlarigacha 4 barobarga va har bir tuman markazlarigacha 10 barobarga kengaytirilgani ta’kidlandi. Mazkur loyiha doirasida Toshkent telekommunikatsiya tarmog‘i o‘tkazuvchanligi 10 barobar oshirilgan.

«UZ» hududidagi domenlar soni ham ortgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda domenlar soni, joriy yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, 25,2 mingdan oshgan. Bu ko‘rsatkich milliy internet hududi o‘tgan yilda 130 foizga oshganini anglatadi.

Yig‘ilishda vazirlikning hududiy boshqarmalari faoliyatini tanqidiy o‘rganib chiqilishi natijasida Andijon, Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarida AKT yo‘nalishida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar qoniqarsiz, deb baholangan. Shunga ko‘ra, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markaziga mazkur va boshqa hududlarda AKTning joriy etilish darajasini yanada oshiri bo‘yicha tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi yuklatildi, deb xabar beradi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot xizmati.

 

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!