O‘zbekistonda mahbuslarga videochatdan foydalanishga ruxsat beriladi

O‘zbekistonda mahbuslarga videochatdan foydalanishga ruxsat beriladi

O‘zbekistonda yaqin orada mahbuslar yaqinlari bilan videouchrashuvlar orqali muloqot qilish huquqiga ega bo‘ladilar. Shavkat Mirziyoyev ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jazoni ijro etish muassasalari sohasidagi ichki ishlar organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjatdagi eng asosiy yo‘nalishlardan biri – zamonaviy texnologiyalarni joriy etish. Xususan, jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi, uning bo‘linma va muassasalari o‘rtasida himoyalangan kanallar orqali videokonferensiya tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Qarorda ushbu tizim yordamida mahbuslarning yaqinlari va qarindoshlari bilan masofaviy videouchrashuvlar o‘tkazish imkoniyatini ta’minlash belgilangan.

Qamoqxonalarda ishlab chiqarish va qishloq xo‘jalik faoliyati hamda boshqa xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi davlat unitar korxonalarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, yangi tashkil etilgan davlat korxonalari va tizimning boshqa muassasalari faoliyatidan olinadigan daromad hisobiga moliyalashtiriladigan jazoni ijro etish Bosh boshqarmasining Markazlashgan fondi tashkil qilinadi.

Davlat rahbari 2017 yilning 1 dekabriga qadar barcha qamoqxonalarda mahbuslarga jazo o‘tash tartibi va sharoitlari, afv etish tartibi haqida ma’lumot beruvchi axborot stendlari bilan jihozlash topshirig‘ini berdi. Bu ma’lumotlar shuningdek, Ichki ishlar vazirligining saytida ham joylashtirilishi shart.

Yana bir muhim yo‘nalish – jazoni ijro etish muassasalari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha 2018-2022 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar Dasturi 2017 yil 1 noyabrga qadar ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi belgilangan.

Unda bino va inshootlarni qurish va rekonstruksiya qilish, qamoqxonalardagi ishlab chiqarish quvvatlari va texnik qayta qurollanishni rivojlantirish, jazoni ijro etish muassasalari hamda ulardagi ishlab chiqarish va qishloq xo‘jalik faoliyati bilan shug‘ullanadigan tashkilotlarga ma’lum turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha buyurtmalarni joylashtirish ko‘zda tutilishi lozim.