O‘zbekistonda telefon raqamini saqlab qolgan holda uyali aloqa kompaniyasini o‘zgartirish mumkin bo‘ladi

O‘zbekistonda telefon raqamini saqlab qolgan holda uyali aloqa kompaniyasini o‘zgartirish mumkin bo‘ladi

O‘zbekistonda joriy yil oxirigacha “mobil qullik” deb ataluvchi holat bekor qilinishi mumkin, deb xabar berdi “O‘zbektelekom” AK bosh direktori Shuhrat Qodirov press-klub yig‘ilishida. Bu haqda Kun.uz yozmoqda.

“Mobil qullik”ning bekor qilinishi O‘zbekistonning istalgan uyali aloqa kompaniyasi abonenti o‘zining telefon raqamini saqlab qolgan holda kompaniyani o‘zgartirish jarayoni joriy qilinishini nazarda tutadi.

Qodirovning aytishicha, oxirgi 3-4 oy davomida bu mavzuning “O‘zbektelekom” va asosiy mobil kompaniyalar darajasida muhokama qilinishi faollashgan.

“Biz oxirgi 3-4 oy ichida regulyator darajasida ishlamoqdamiz, bu jarayonning qonunlari, texnik imkoniyatlarini o‘rganmoqdamiz. Bugungi kunda mobil operatorlarning rahbarlari va vakillari bilan tez-tez uchrashuvlar bo‘lib turibdi, bu masala oxirgi vaqt juda faollashgan va biz bu ustida jiddiy ishlamoqdamiz. Yarim yildan bir yilgacha vaqt ichida bu masala amalga oshishi mumkin”, deb ta’kidlab o‘tdi  Qodirov.

Afsuski, Qodirov bu xizmat pullik yoki bepul bo‘lishi va agar pullik bo‘lsa, qancha turishi haqida hech narsa ma’lum qilmagan. Biroq Qodirovning aytishicha, “mobil qullik”ni bekor qilish bo‘yicha ma’lumotlar tez orada taqdim etiladi.

Joriy yilda O‘zbekistonda mobil aloqa abonentlari soni 21,4 mln dan oshdi. Mamlakatning hududlarini mobil aloqa bilan keng qamrab olish uchun 2017 yil apreligacha 18,3 ming mobil aloqa stansiyasi o‘rnatildi. Yil davomida bu ko‘rsatkich 20 mingdan oshiriladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!