O‘zbekistonda to‘lovlarni terminal emas, QR-kod orqali to‘lash mumkin bo‘ladi

O‘zbekistonda to‘lovlarni terminal emas, QR-kod orqali to‘lash mumkin bo‘ladi

Yagona umumrespublika protsessing markazi (YaUPM)ning xabar berilishicha, ayni paytda to‘lov tizimida terminal orqali to‘lash o‘rniga QR-kod orqali to‘lovni amalga oshirish tizimi joriy etilmoqda.

Savdo terminalidan foydalanmasdan to‘lovni amalga oshirishning yangi tizimi Vazirlar Mahkamasining “2016-2018 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida elektron tijoratni rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risi”gi Qarorini (2015 yil 4 dekabrdagi) ro‘yobga chiqarish doirasida moliyaviy xizmatlar bozorida onlayn-imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida joriy etilmoqda.

Ayni paytda QR-kod vositasida to‘lovni amalga oshirish mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan savdo-servis korxonalari soni oshirilmoqda.

QR-kod o‘zi nima, nima uchun kerak va undan qanday foydalanish zarur?

Ko‘pchilik ichiga chalkash-chulkash shakllar joylashtirilgan oq-qora kvadratlar tasvirini payqagan bo‘lsa kerak. Bunday tasvirlarni tovarlar etiketkalarida, kommunal to‘lovlar kvitansiyalarida yoki saytlar sahifalarida uchratish mumkin. Mana shu QR-koddir. Ingliz tilidan tarjima qilganda «quick response» termini «tezkor javob» deb tarjima qilinadi. QR-kod  ikki o‘lchamli shtrix-kod bo‘lib, axborotni vizual kodlashtirish uchun qo‘llaniladi. Mazkur texnologiyadan turli sohalarda faol ravishda foydalanilmoqda.

QR-kod nima uchun kerak? Bu savol uni amalda qo‘llashga kirishmagan har qanday odamda tug‘ilishi turgan gap. QR-kod ishining asosiy tamoyili uning giperhavola tarzida ishlay olishidir. Bu ko‘p ma’lumot haqida xabar berish zarur bo‘lgan holatlarda yoki uni soddalashtirish kerak bo‘lganda juda qulay. QR-kod suratlar mahsulot yoki xizmatni tanlash jarayonini osonlashtirishga qodir, chunki o‘ram yoki reklama plakatidagi kichik kvadratchada 4296 tagacha ramzlar joylashtirilgan bo‘lishi mumkin. Ular matn tarzida joylashtirish noqulay va qimmat bo‘lgan ma’lumotlarni sig‘dira oladi.

QR-kod kommunikatsiya jarayonini ham optimallashtiradi. Masalan, tashrif qog‘ozidagi belgida odatda telefon raqam shifrlangan bo‘ladi, u birgina tugmani bosish bilan bog‘lanishlar ro‘yxatiga kiritilishi mumkin. Shuningdek, QR-kodlar yordamida havola bo‘yicha o‘tish, elektron xat, smsni yuborish, joyning koordinatalarini bilish va boshqalarni amalga oshirish mumkin.

Butun dunyoda elektron to‘lovlarni amalga oshirishda QR-kodlardan faol ravishda foydalaniladi. Amaliyotda u quyidagicha ko‘rinishda:

– xaridor o‘z bank to‘lov kartasini smartfondagi ilovaga bog‘laydi;

– savdo tarmoqlarida xarid qilishda yoki xizmatlar uchun to‘lovni amalga oshirishda u bank kartasidan foydalanmasdan mazkur ilova yordamida hisob-kitob qiladi.

Hisob-kitobning bunday usuli xaridor uchun ham, sotuvchi uchun ham oddiy bank plastik kartasidan to‘lovni amalga oshirishdan ko‘ra qulayroq. Chunki ushbu holatda kartani qabul qilish uchun terminalga hojat qolmaydi va xaridor uchun ham kartalarni karmonda olib yurishning keragi bo‘lmaydi – smartfon ularning o‘rnini bosadi, deb yozadi “Norma” nashri.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!