O‘zbekistonliklar ijtimoiy tarmoqda bir kunda 120 mingta surat e’lon qilmoqda

O‘zbekistonliklar ijtimoiy tarmoqda bir kunda 120 mingta surat e’lon qilmoqda

Bu dalil Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi saytida e’lon qilingan maqolada keltirilgan. Ammo muallif qaysi manbaaga asoslangani aytilmagan.

Maqola muallifining qayd etishicha, o‘zbekistonlik foydalanuvchilar ijtimoiy tarmoqda (nomi keltirilmagan) kuniga 10,5 million xabar, 450 ming izoh yozmoqda, 120 ming surat, 130 mingga yaqin yangi status kiritishmoqda. Shuningdek, 120 mingga yaqin qo‘shiq, kuy eshitib, 300 ming videolavha ko‘rishmoqda, bir-biriga 150 ming o‘yin jo‘natmoqda.

Maqolada ta’kidlanishicha, global tarmoqda o‘z joniga qasd qilishni targ‘ib qiluvchi 9 ming, shahvoniy mazmundagi 4 mingdan ziyod sayt mavjud bo‘lib, aksariyat kompyuter o‘yinlari orqali zo‘ravonlik va yovuzlik targ‘ib qilinmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda  inson ma’naviyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi 100 dan ziyod guruhlar mavjudligi va bu guruh a’zolarining 50 mingdan ziyodi yoshlar ekanligi aniqlangan.

Xalqaro ekspertlar dunyo miqyosida global tarmoqqa murojaat qiladigan yoshlarning 38 foizi zo‘ravonlik ruhidagi, 26 foizi millatchilik mazmunidagi saytlarga muntazam kirib turishini tasdiqlamoqda.

Muallif ijtimoiy tarmoqda nima ko‘rsam, nima eshitsam, nima fikr bildirsam mumkin ekan, degan xomxayolda yurgan ayrim yoshlar har narsaning so‘rog‘i borligini, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida namoyish qilish yoki tarqatish maqsadida pornografik narsalarni tayyorlash, shuningdek ularni yigirma bir yoshga to‘lmagan shaxslar o‘rtasida namoyish qilish yoki tarqatish uchun javobgarlik belgilanganini aytadi.

Shuningdek, tuhmat qilish, ya’ni bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish, shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash ham jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Ijtimoiy tarmoqda xohlagan ishni qilish mumkin, deb hisoblaydiganlar buni e’tiborga olishlari kerak.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!