“O‘zbektelekom” metropolitenda internet va telefon xizmatini yo‘lga qo‘yadi

“O‘zbektelekom” metropolitenda internet va telefon xizmatini yo‘lga qo‘yadi

“O‘zbektelekom” AK metropolitenda internet tarmog‘i va telefon xizmatidan foydalanishni yo‘lga qo‘yadi. Ayni damda mazkur masala yuzasidan tegishli chora-tadbirlar olib borilmoqda. Bu haqida "O‘zbektelekom" AK tomonidan OAV uchun o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deb yozadi Kun.uz.

"Bizga ma’lumki, metropoliten strategik ob’yektlar toifasiga kiradi. Ayni damda metropolitenda internet hamda telefon tarmog‘i qamrovini amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Hozirda bu loyihaning investitsion, moliyaviy hamda texnologik masalalari boshqa davlat idoralari bilan hamkorlikda ko‘rib chiqilmoqda", deya ta’kidladi "O‘zbektelekom" AK tijorat direktori Yevgeniy Vishnevskiy. 

Biroq metropolitenda internet qachon paydo bo‘lishi noma’lumligicha qoldi. Bu borada "O‘zbektelekom" AK bosh direktori Shuhrat Qodirov o‘z fikrlarini aytib o‘tdi. 

"Mazkur loyihani amalga oshirish uchun tegishli idora vakillari bilan qator kelishuvlar, muzokaralar olib borish zarur. Biz hozirda aynan shu bosqichdamiz. O‘zaro kelishuvlar va bitimlar tuzilib, aniq muddat belgilangach, biz albatta, bu haqda OAV orqali e’lon qilamiz", dedi Shuhrat Qodirov. 

Ma’lumot o‘rnida: "O‘zbektelekom" AK - o‘z tarmog‘i bilan O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlarini qamrab olgan yirik telekommunikatsiyalar operatoridir. Kompaniya o‘z xizmatlarini ayni damda UZTELESOM™, UZMOBILE™, UZONLINE™, TELECOM TV™ va UZ CLOUD™ savdo belgilari ostida taqdim etadi.