Uzmobile davlat saytlaridan bepul trafikda foydalanishni joriy qildi

Uzmobile davlat saytlaridan bepul trafikda foydalanishni joriy qildi

Uzmobile Milliy operatori Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi bilan hamkorlikda Uzmobile abonentlariga internet tarmog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi (pm.gov.uz), Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz), O‘zbekiston Respublikasining Hukumat portali (gov.uz), shuningdek bir qator davlat organlarining saytlaridan bepul foydalanish imkoniyatini yaratdi. Bu to‘g‘rida 2017 yilning 18 mart kuni Uzmobile bosh ofisida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, bugun mamlakatimizda 201 ta davlat organlari, 115 xo‘jalik boshqaruvi organlari veb-saytlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Vazirlar Mahkamasining qarori bilan ularning aholi ehtiyojiga javob berishi, bu resurslarda interaktiv xizmatlarning joriy qilinishi, ularni faoliyatga doir axborotlar bilan to‘ldirish hisobiga, davlat idoralarining aholi oldidagi hisobdorligining oshishi yuzasidan reyting shakllantiriladi. Xizmatlarning onlayn shaklga o‘tishi, sayt formatining interaktivlashuvi davlat organlari saytlaridan foydalanish ko‘lamini oshirmoqda. Xususan, bugun bitta davlat idorasi saytiga tashrif buyuradigan kundalik foydalanuvchilar soni 40 mingtagacha, sayt sahifalarining ko‘rilishi esa kunlik 80 mingtagacha yetar ekan.

Brifingda ma’lum qilinishicha, davlat idoralari saytlari orqali ko‘rsatilayotgan elektron xizmatlar soni 600 turdan oshadi. Shuningdek, yaqin yillarda davlat idoralari axborot tizimlari hamda ma’lumotlar bazalari to‘liq raqamli platformaga ko‘chishi, aholiga va tadbirkorlik sub’yektlariga smartfon orqali bu tizimlar va xizmatlardan foydalanish, yagona tugmani bosish orqali zarur ma’lulmotlarni olish imkoniyatining yaratilishi, davlat organlari virtual qabulxonalarining ko‘payishi fuqarolarning ham davlat xizmatlariga, ham internet xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojining oshishiga sabab bo‘ladi.

Ma’lumki, ayni paytga kelib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi mamlakatimizda “elektron hukumat” tizimining muhim elementlaridan biriga aylandi. Davlat rahbari qabulxonasining faoliyati jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan davlat idoralariga yo‘llangan murojaatlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish, iqtisodiy, ijtimoiy, moliyaviy va huquqiy tahlillar asosida aholi tomonidan ko‘tarilgan masala hamda murojaatlarga yechim topish maqsadida tashkil qilingan edi.

Bu yo‘nalishda ayniqsa, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali fuqarolar uchun davlat idoralariga murojaat qilishda ommabop resursga aylandi.

Joriy yilning mart oyi holatiga ko‘ra, Yagona portalga 308 turdagi interaktiv xizmat joriy qilingan. Fevral oyi holatida portal orqali davlat idoralariga qilingan murojaatlar soni 1 million marotabadan oshgan. Bugunga kelib 2400 dan ziyod davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, ularning tizimidagi muassasalar portal orqali elektron xizmat ko‘rsatmoqdalar.

Uzmobile Milliy operatorining abonentlariga yaratib bergan hukumat portallari va bir qator davlat saytlari, shuningdek Ochiq ma’lumotlar portali (data.gov.uz), Me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portali (regulation.gov.uz)dan bepul internet asosida foydalanish qulayligi fuqarolar va hukumat, davlat idoralari o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Bugundan boshlab kompaniyaning 1 millionga yaqin abonentlari faol internetga ega qurilmalari yordamida 30 dan oshiq saytlardan bepul, ya’ni internet trafik sarflamagan holda foydalanishlari mumkin. Ushbu resurslarning sonining 115 taga yetkazilishi ham ma’lum qilingan. Kompaniya bu to‘g‘rida o‘zining veb-saytida batafsil ma’lum qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Umidjon A’lamovning ma’lum qilishicha, tez orada yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa operator va provayderlar ham bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlaydilar va faoliyatlarida joriy qiladilar.

 

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!