UzMobile'ning qo‘pol, Beeline'ning ta’magir operatori bilan suhbatlashdik

UzMobile'ning qo‘pol, Beeline'ning ta’magir operatori bilan suhbatlashdik

So‘nggi yillarda mobil operatorlar orasida raqobat kuchayib borishi bilan aloqa sifati yaxshilanib, narxlar arzonlashib borayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Biroq abonentlar soni ortib borishi bilan operatorlarga murojaatlar soni ham ko‘payishi tabiiy. Ayni damda, mobil operatorlar bilan qisqa raqamlar, SMS va chatlar orqali bog‘lanish mumkin.

Biroq ushbu xizmatlarning sifati qanchalik darajada? So‘nggi paytlarda muxlislarimizdan kelib tushayotgan shikoyatlardan kelib chiqqan holda, ushbu savolga Beeline O‘zbekiston va UzMobile operatorlari misolida javob topishga harakat qildik. Ushbu jarayonda operatorning qo‘pol muomalasi va talabchanligiga ham duch keldik.Har ikki kompaniya qo‘ng‘iroq markazlari haqida xolis va to‘g‘ri ma’lumot berish uchun ular bilan uch marta bog‘landik.

Birinchi aloqamiz 18 oktyabr 16:00 da UzMobile bilan bo‘ldi. Operator qo‘ng‘irog‘imizga kuttirib o‘tirmasdan zudlik bilan javob berdi. So‘ragan savolimiz haqida to‘liq ma’lumot ola oldik. Shundan so‘ng, Beeline'ga qo‘ng‘iroq qildik. 10 soniyalik kutish vaqtidan so‘ng xushmuomala operator bilan ulandik.

Sinovimizning ikkinchi qismi 19 oktyabr 12:35 da UzMobile'ga qo‘ng‘iroq qilish bilan boshlandi. Navbatimiz 62-bo‘lishiga qaramay, 4 daqiqa 56 soniyada operator bilan bog‘langanimizdan xursand bo‘lgan bo‘lsak, mutaxassisning qo‘pol muomalasidan ta’bimiz xira bo‘ldi. 12:42 da Beeline'ga sim qoqdik. 3 daqiqa 50 soniya kutganimizdan so‘ng, operator qo‘ng‘irog‘imizga javob berdi. Lekin ushbu operator bizni hayratga soldi. Odatda, 0611 ga murojaat qilib, operator bilan suhbatlashganingizdan so‘ng, kompaniya sizga so‘rovnoma yuborib, operator ishini 1 dan 10 gacha bo‘lgan shkalada baholashni so‘raydi. Bizning operator bizdan mana shu so‘rovnomaga 10 ball qo‘yishni talab qildi. Biz qanday baho qo‘yganimizga qiziqayotgandirsiz. Ochig‘i, o‘zimiz ham shunga qiziqyapmiz: “Bu operatorga necha ball qo‘ysam ekan?“ degan savol bizni qiynadi, lekin kompaniyadan hech qanday SMS kelmadi. Ko‘rib turganingizdek, ikkinchi sinovimizda har ikki operator qo‘ng‘irog‘imizga noprofessional darajada yondashdi.

Tekshiruvimizning so‘nggi qismini 19 oktyabr 21:31 da har galgidek 1099 ga murojaat qilish bilan boshladik. Navbatimiz naq 97! 10 daqiqa 41 soniya kutishdan so‘ng, o‘zini 505 operator deb tanishtirgan mutaxassis bilan bog‘landik. Bu safar Terabayt.uz saytidan murojaat qilayotganimizni aytib, qo‘ng‘iroq qilishdan maqsadimizni bayon qildik. “Bir paytning o‘zida qancha operator mijozlarga xizmat ko‘rsatadi?“ deya savol berdik. Mutaxassis esa aloqada qolishimizni so‘rab, ushbu savolga javobni aniqlashtirib berishini aytdi. Vaholanki, bir necha soniyadan so‘ng, bu haqda ma’lumot berilmasligini ma’lum qildi. Shunday bo‘lsa-da, Call-center mutaxassislari soni yetarli darajada ekanligi ta’kidlandi. Bizga 97-navbat tekkani va 10 daqiqadan ortiqroq kutish vaqtiga izoh so‘raganimizda esa mijzolar soni ko‘pligi ro‘kach qilindi. Shundan so‘ng, kompaniyadan so‘nggi savolimizni so‘radik: 1099 ga qo‘ng‘iroq qilinib, o‘zbek tili tanlanganda ham, nega kutish vaqtida nechanchi navbatda turganimiz haqida rus tilida ma’lumot beriladi? Bu savolga esa “Har doim shunday bo‘lgan“, degan javob oldik.

Navbat Beeline'ga. 21:40 da amalga oshirilgan qo‘ng‘irog‘imizga 29 soniyada javob oldik. Bir vaqtning o‘zida nechta mutaxassis ishlashi haqida so‘raganimizda esa o‘zini Said deb tanishtirgan operator 200 ta atrofida, deb javob berdi.

Mijozlar bilan ishlashda yana bir jihat qo‘ng‘iroq sifatidir. UzMobile bilan bog‘lanib ko‘rgan bo‘lsangiz, odatda operator tomonidan shovqin kelishini yaxshi bilasiz; Beeline'da bunday emas.

Yana bir e’tiborga molik jihat shuki, Beeline'ning "Status" tarif rejalari (Silver, Gold, Platinum) abonentlari maxsus ajratilgan 0777 raqami orqali operator bilan 10 soniya ichida bog‘lana oladi. Shuningdek, Beeline'da operator bilan bog‘lanmoqchi bo‘lsangiz, 0621 raqamiga bepul SMS orqali savol yo‘llashingiz (lekin javob, odatda, bir necha soatda keladi) yoki chat orqali bog‘lanishingiz mumkin.
Shunaqa gaplar. Xulosa o‘zingizdan!

O‘QING: IT Park va Ucell hamkorligida Boot Camp bo‘lib o‘tdi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.